Ko‘zingiz tushayotgandir, o‘zingiz ham balki shu jarayonda qatnashgandirsiz — hozir mamlakatimizda Android operatsion tizimida ishlovchi telefonlarga davlatimiz yasagan bir qo‘riqchi dasturni ommaviy o‘rnatish sharpasi kezib yuribdi. Aytishlaricha, yo‘llardagi YPX xodimlari ham, maktablarning bitiruvchi sinflari o‘quvchilari ham, yana boshqa-boshqalar ham mana shu dasturni butun mamlakat Android telefonlariga yoppasiga o‘rnattirish sayliga majburiy-ixtiyoriy “taklif etilgan”.
Qiziq tomoni, bu qo‘riqchi dasturni ayfonlarga o‘rnatish shart emas ekan; aftidan, buzg‘unchi APK dasturlar ayfonlarni zararlay olmaydi. Videoda YPX xodimi ham: “Telefoningiz ayfonmi? Unda ketavering”, deb hafsalasi pir bo‘lgani shundan. Mana shu joyida bir taklif tug‘ilib qoldi-da.
Modomiki, g‘amxo‘r davlatimiz onlayn qaroqchilardan jabrlanayotgan xalqimizning kiberxavfsizligi haqida shunchalik jiddiy qayg‘urayotgan bo‘lsa, unda ishni osonroq amallardan, masalan, “Ayfon solig‘i”ni bekor qilishdan boshlasa bo‘lmasmikin-a? Davlatimiz hammaga ayfon tarqatsin, demayman, bu insofdan emas, kamiga, davlatimiz bu ish uchun yana chet eldan qarz olib yuborishi mumkin. Ammo davlatimiz o‘z kibrini ozgina yig‘ishtirib, O‘zbekistonga kirib kelayotgan ayfonlarning narxini pasaytirishga xizmat qiladigan qadamlarni tashlab bersa ham, aholining kiberxavfsizligi ancha oshgan bo‘lardi, nazarimda.
O‘z-o‘zidan, davlat haqiqatan ham aholining kiberxavfsizligi haqida qayg‘urayotganiga ishonsa bo‘lardi shunda. Hozir esa bu — aholiga bu dastur o‘zi nimayu nega kerakligi ham tuzuk-quruq tushuntirilmayotganidan — navbatdagi haybarakallakachilik tadbiriga o‘xshaydi. Xudo ko‘rsatmasinu, ertaga shu “kiberxavfsizlikni ta’minlovchi qo‘riqchi dastur”ning o‘zi aholining ma’lumotlarini, pullarini o‘g‘irlab qo‘ysa bormi, sichqonning ini necha milliard tanga bo‘larkin, bilmadim lekin.