Aziz ustozlar, qadrli ta’lim fidoyilari!
Sizlarni 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Har bir insonning hayotida unga yo‘l ko‘rsatgan, o‘ziga ishontirgan, qiyin paytida qo‘llab-quvvatlagan ustoz bo‘ladi. Ustozning mehr bilan aytgan bir og‘iz so‘zi, bildirgan ishonchi ba’zan butun bir hayot yo‘lini o‘zgartirishi mumkin.
Ayniqsa, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim berayotgan ustozlarning mehnati alohida e’tirofga loyiq. Har bir bolaning imkoniyatini ko‘ra bilish, uning qobiliyatini yuzaga chiqarish, o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash uchun sizlardan katta sabr, mehr va fidoyilik talab etiladi.
Bugun mamlakatimizdagi ixtisoslashtirilgan maktablarda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun zarur sharoitlar yaratilmoqda. Shu bilan birga, inklyuziv ta’lim imkoniyatlari ham kengayib bormoqda. So‘nggi ikki yilda inklyuziv ta’lim muhiti yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3 591 taga yetdi. Hozirda 10 ming nafar alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bola tengdoshlari bilan birgalikda ta’lim olmoqda.
Bu raqamlar ortida minglab bolalarning quvonchi, ota-onalarning umidi va, albatta, ustozlarning mashaqqatli mehnati turibdi. Har bir bolaning ta’lim olishi, o‘z qobiliyatini namoyon etishi va jamiyatda munosib o‘rin topishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlarda sizlarning hissangiz beqiyos.
Kecha Prezidentimiz ham ta’lim sohasidagi islohotlar haqida so‘z yuritar ekan, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish muhimligini alohida ta’kidladi.
Zero, har bir bolaga berilgan e’tibor, unga bildirilgan ishonch va yaratilgan imkoniyat — kelajagimizga qo‘yilgan muhim qadamdir.
Shuningdek, Prezidentimiz Farmoni bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi bir guruh ustozlarning davlat mukofotlari bilan taqdirlangani barchamiz uchun quvonchli voqea bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, mukofotga sazovor bo‘lgan barcha ustozlarni ushbu yuksak e’tirof bilan samimiy tabriklayman!
Fidokorona mehnatingiz, mehringiz va bolalar kelajagi yo‘lidagi cheksiz sa’y-harakatlaringiz uchun barchangizga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, qalb xotirjamligi va shogirdlaringizning yutuqlaridan doimo faxrlanib yurish baxtini tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz ustozlar!