Buxoroda turizm mavsumi to‘rt oydan olti oyga uzaygan. Prezidentimiz yilning qolgan davrida ham sayyohlarni jalb qiladigan yangi tadbirlar va turizm mahsulotlarini taklif etish zarurligini ta’kidladi.
Kelasi yil viloyatda 30 ga yaqin xalqaro tadbir o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, hozir Buxoroda besh yulduzli mehmonxona yo‘q, yirik savdo va ko‘ngilochar maskanlar ham yetarli emas. Mavjud xizmatlarning asosiy qismi Buxoro shahrida jamlangan.
– Servis taklifi talabga mos emas,
– dedi mamlakatimiz yetakchisi.
Sayyohlar sonini oshirish uchun joylashtirish, savdo, dam olish va sayohat xizmatlarini viloyat tumanlarida ham rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Mas’ullarga xorijlik turistlar sonini 7 millionga yetkazish bo‘yicha oyma-oy reja tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Unda qaysi davlatlardan sayyoh jalb etilishi, qanday yangi turpaketlar va tadbirlar taklif qilinishi, tumanlarda qaysi obyektlar ishga tushirilishi aniq ko‘rsatilishi lozim.
Facebook|Instagram|X