Davlatimiz rahbari Buxoroda turizm xizmatlari va sayyohlar uchun yangi yo‘nalishlarni ko‘paytirish masalasiga to‘xtaldi. Joriy yilda viloyatga 3,5 million xorijlik sayyoh kelishi kutilmoqda. Kelgusida ularning sonini ikki baravar oshirish maqsad qilingan.
Eski shahar, Yetti pir, Chor Bakr, Poykent, Varaxsha va Vardonze kabi tarixiy majmualarni yagona turizm konsepsiyasi asosida bog‘lash ko‘zda tutilgan.
Buxoro shahridagi Gulchorbog‘ mahallasida 50 gektar maydonda 80 million dollarlik turizm markazi tashkil etiladi. Unda ko‘rgazmalar zali, amfiteatr va mehmonxonalar joylashadi.
Jalol Ikromiy mahallasida esa xalqaro tadbirlarga mo‘ljallangan 60 million dollarlik kongress-xoll qurilmoqda. Kongress-xoll yonida “Hilton” va “Holiday Inn” brendlari ostida ikkita yetti qavatli mehmonxona barpo etilmoqda.
Bundan tashqari, sakkizta markaziy ko‘cha milliy va zamonaviy me’moriy yechimlar asosida yangilanib, oltita xiyobon bunyod etiladi.
Viloyat markazini kengaytirish doirasida Buxoro tumanidagi 1 ming gektar maydonda 500 million dollarlik turizm klasterini barpo etish rejalashtirilgan. Uning hisobiga sayyohlarning Buxoroda qolish muddatini o‘rtacha 4-5 kungacha uzaytirish mumkin.
Facebook|Instagram|X