Dekretdagi o‘qituvchi o‘rniga ishga olingan xodimga soatbay ish haqi to‘lash qonuniymi?
@Yurist_Xizmati 5839-savol:
Assalawma aleykum! Men 2026-yil 2-sentyabrda maktabga dikretga chiqqan o'qituvchi o'rniga ishga kirdim. Men boshqa joyda ishlamayman. asosiy ishim shu maktabda. dekretga ketgan o'qituvchining dekret kuni va otpuskasi 24 - noyabrda tugallanar ekan. Menga oylik pulim soatpay haqi bilan 80 foyiz to'lanmoqta. Menga oylik qanday holatda to'lanadi. Bugalterimiz menga soatpay oyligini to'laymiz. chunki asosiy ishchining hali dekret dam olish kuni, mehnat ta'til kuni hali tamom bo'lmadi. tamom bo'lgach asosiy qilib ishga olinasiz va 100 foyiz to'lanadi shundan keyin dedi.
proverko tetrad to'lanmaydi, rayonniy koyfissent to'lanmaydi hozirgi vaqtda. negizi rayonniy koyfitsent to'lanadimi. va keyingi savolim dekretga shu holatda ish joyimnan dekret tatiliga chiqa olamanmi, dekret puli to'lanadimi. kuzgi va qishki maktab ta'til vaqtida menga oylik chiqadimi. javob uchun oldinnan raxmat
YURIST JAVOBI:
Sizga ish haqini faqat 80 foiz miqdorida, soatbay hisoblashda qonuniy asos mavjudligi shubhali.
Mehnat kodeksining 112-moddasiga ko‘ra, vaqtincha yo‘q bo‘lgan, ish joyi saqlanadigan xodimning o‘rniga boshqa xodim bilan muddatli mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Bunday shartnoma asosiy xodim ishga qaytguniga qadar amal qiladi.
Demak, siz dekretdagi o‘qituvchi o‘rniga ishga qabul qilingan bo‘lsangiz ham, maktabning asosiy ish joyingiz ekanligi o‘zgarmaydi. Faqat mehnat shartnomangiz muddatli hisoblanadi.
Ish haqi masalasiga kelsak,
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 12-bandiga ko‘ra, vaqtincha yo‘q xodimning o‘rnida ketma-ket ikki oydan ortiq bo‘lmagan muddatda dars o‘tganlik uchun soatbay haq to‘lash qo‘llaniladi. Siz esa 2026-yil 2-sentyabrdan 24-noyabrgacha, ya’ni ikki oydan ortiq muddatga ishga qabul qilingansiz.
Shunday ekan, sizga soatbay emas, tarifikatsiya asosida, ajratilgan dars soatlariga mutanosib ravishda ish haqi hisoblanishi kerak.
Bunda 100 foiz haq to‘lash deganda sizga belgilangan dars yuklamasi, ma’lumotingiz va malakangizga mos ish haqini to‘liq to‘lash tushuniladi. Faqat vaqtincha ishga olinganingiz uchun ish haqining 20 foizini ushlab qolish mumkin emas.
Daftar tekshirganlik uchun qo‘shimcha haq tegishli fan, sinf va belgilangan shartlar mavjud bo‘lsa, to‘lanishi kerak. Tuman koeffitsiyenti ham siz ishlayotgan hudud uchun qonunchilikda nazarda tutilgan bo‘lsa, muddatli shartnoma asosida ishlayotganingiz sababli rad etilmaydi.
Kuzgi va qishki o‘quvchilar ta’tili davrida ham mehnat shartnomangiz amalda bo‘lsa, sizga belgilangan tartibda ish haqi to‘lanadi. O‘quvchilarning ta’tilga chiqishi o‘qituvchining ish haqi to‘xtatilishini anglatmaydi.
Dekretga chiqish masalasiga kelsak,
siz ham homiladorlik va tug‘ish ta’tiliga chiqish huquqiga egasiz. Mehnat kodeksining 408-moddasida homilador ayollar bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasini uzaytirishga oid kafolatlar belgilangan. Dekret puli esa Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 17-dekabrdagi 796-son qaroriga muvofiq, sug‘urta stajiga qarab tayinlanadi. Bunda kamida 10 oylik sug‘urta staji va qonunchilikdagi boshqa shartlar hisobga olinadi.
Xulosa qilib aytganda, sizning vaqtincha ishga qabul qilinganingiz ish haqingizni kamaytirishga asos bo‘lmaydi. Maktab buxgalteriyasidan ish haqingizni tarifikatsiya asosida qayta hisoblashni, tegishli qo‘shimcha to‘lovlarni va avval to‘lanmagan summalarni to‘lab berishni yozma ravishda talab qilishingiz mumkin.
✉️ Yuristga savol yuborish
☎️Qoʻngʻiroq orqali bogʻlanish
Rasmiy kanalimiz: @Yurist_Xizmati 👈