Tirbandlik Ertalab soat toʻqqiz. Oldinda qizil chiroqlar, orqada signal ovozi. Bunday paytda odam yo asabiylashadi, yo faylasuf boʻladi. Kanalimiz obunachisi, ona tilimiz jonkuyari Shuhrat aka ikkinchi yoʻlni tanlabdilar. Mashinada oʻtirib, shunday savol beribdilar: — Nega biz “probka”ni tirbandlik deymiz? Tir forschada oʻq degani, band esa bogʻlam-ku! Savol meni ham oʻylantirdi. Lugʻat titkilashga toʻgʻri keldi. Fors tilida tir soʻzining bir nechta maʼnosi bor ekan. Birinchisi hammamiz biladigan oʻq. Tiru kamon va tirandoz shundan. Ikkinchisi esa xoda, toʻsin, ustun. Koʻchadagi simyogʻoch ham, tomning toʻsini ham forschada tir deyilarkan. Band esa bogʻlangan, toʻsilgan, tugun degani. Voqea taxminan mana bunday boʻlgan… Rasmga qarang va bir necha asr orqaga qayting. Tunda shamol turib, katta daraxt soʻqmoq ustiga qulagan. Ertalab bozorga shoshgan odamlar birin-ketin kelib, shu yerda toʻxtab qolgan. Biri eshagi bilan, biri xurjuni bilan. Oldinda toʻsin, orqadan esa yana odam kelyapti. Yoʻl tirband. Taxminimcha, soʻz shu manzaradan tugʻilgan. Yaʼni u avval toʻsilgan yoʻl sabab toʻplanib qolgan odamlarga nisbatan aytilgan. Asrlar oʻtdi. Daraxt oʻrnini svetoforlar, eshak oʻrnini esa avtomobillar egalladi. Darvoqe, bu tushunchaning turkiycha nomi ham bor: tiqin, tiqilinch. Ularning “tirbandlik”dan hech kam joyi yoʻq. —————————— P. S. Yozilayotgan kitobimizda mana shunaqa qiziq soʻz va iboralar koʻp boʻladi. Ularni jami yuztaga yetkazishni moʻljal qilyapmiz. Tirbandlik esa ulardan bittasi xolos. @xatoliklar
Open in TelegramPosts of To‘g‘ri yozamiz — mutaxassis blogi (lotin)
Maslahatli ish Bir masalada sizlar bilan maslahat qilmoqchiman. Har kuni nutqimizda yuzlab so‘z va iboralar ishlatamiz. Lekin ularning qayerdan kelib chiqqani haqida hech o‘ylab ko‘rmaymiz. Girdikapalak, sapcha, landavur, dimog‘, dasturxon, do‘ppi, kelin, tog‘a... Nega qovun tushiramiz? Nega tarvuz aynan qo‘ltiqdan tushadi? Nega sabzi yashil emas? Tilimizda bunaqa qiziq so‘z/jumla/iboralar talaygina. Kamina anchadan beri shunday so‘zlarning tarixini yig‘ib kelaman. Aytib qo‘yay, bularning aksariyati hali o‘zbek adabiyotlarida uchramaydigan, yozilmagan noyob ma’lumotlar. Xullas, shularning hammasini jamlab, elektron kitob qilsam, sotib olarmidingiz? Olaman deydiganlar yetarlicha bo‘lsa, ishga kirishaman. Kam bo‘lsa, to‘plaganlarim o‘zimga qolaveradi 😉 Pastdagi so‘rovnomada ovoz berib qo‘ying 👇 @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in Telegram“Girdikapalak”dagi “gird” nima? Qimmatroq restoranlarga mijoz kelsa, xizmatchilar girdikapalak bo‘ladi. Hamshiraga pul qistirsangiz, bemor atrofida rosa girdikapalak bo‘lib xizmat qiladi. “Kapalak”ni-ku tushundik, lekin “girdi” nima degani? Gird — forscha so‘z, aylana, doira, atrof degani. Bu so‘z bizga begona emas: — girdob — gird + ob (suv): suvning aylanma oqimi; — girdibod — gird + bod (shamol): quyun; — gird-atrof — tevarak, har tomon. “Gird”dan keyingi -i — bu forscha izofa: ikkala qismni bir-biriga ulashga xizmat qiladi. Girdikapalak ham shu qolipda yasalgan. Nega aynan kapalak? Kapalak gul yoki chiroq atrofida bir dam ham tinmay aylanadi. Birovning atrofida parvona bo‘lgan yoki tashvishda u yoqdan bu yoqqa yelib-yugurgan odam ham shunga qiyos qilinadi. Darvoqe, parvona ham forscha so‘z — sham atrofida aylanadigan kapalakning ayni o‘zginasi. Yana bir qiziq jihat Gird so‘zi forscha gardidan fe’lidan kelib chiqqan, ma’nosi yana aylanmoq. Tilimizdagi gardish (falak gardishi) va mumtoz she’riyatdagi gardun (aylanib turadigan osmon) ham shu fe’lning bolalari. O‘rta fors tilida bu fe’l wardīdan deb aytilgan va hind-yevropa tillaridagi wert- o‘zagiga borib taqaladi. U ham burmoq, aylantirmoq degan ma’noni beradi. Lotinlar bu o‘zakdan vetere so‘zini yasagan, keyinchalik undan версия va университет so‘zlari kelib chiqqan. Ruslar esa вертеть va hatto время so‘zlarini yasagan. Ha, vaqt ham aslida aylanib turadigan narsa ekan. Xullas, girdikapalak bilan время bir ildizdan ekan. Kim o‘ylabdi deysiz. Imlosiga kelsak, qo‘shib yoziladi: Girdi kapalak ❌ Girdikapalak ✅ @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in TelegramTranskreatsiya nima? Izohlarda transkreatsiya nimaligini so‘rashibdi. Keling, oddiy misolda ko‘rsataman. Inglizchada “Home sweet home” degan ibora bor. Uni “Uy, shirin uy” deb o‘girsam, to‘g‘ri, lekin jonsiz bo‘ladi. O‘zbekzabon odam uyini bunday ta’riflamaydi. “O‘z uyim — o‘lan to‘shagim” desam-chi? Ana endi ibora o‘zimizniki bo‘ldi, asl ma’nodagi iliqlik ham saqlanib qoldi. Farqi shunda: ▫️ Tarjimada men so‘zga sodiqman. Nima yozilgan bo‘lsa, shuni aniq yetkazaman. Shartnoma yoki yo‘riqnomada boshqacha bo‘lishi mumkin emas. ▫️ Transkreatsiyada men his-tuyg‘uga sodiqman. So‘zni, obrazni, kerak bo‘lsa hazilni ham almashtiraman, o‘quvchiga moslashtiraman. Asosiysi, o‘qigan odam asl matndagidek ta’sirlansin. Atamaning o‘zi ham shuni aytadi: translation + creation, ya’ni tarjima + ijod. Slogan, reklama, brend nomi, sayt yoki ijtimoiy tarmoq uchun matn o‘girilayotganda oddiy tarjima kamlik qiladi. Muvaffaqiyatsiz tarjima misollari talaygina. Bilganlar izohlarda yozishsin. Shu sababli yaxshi transkreator bir vaqtning o‘zida ham tarjimon, ham kopirayter bo‘ladi. U ikkala tilni ham, ikkala xalqning ruhiyatini ham yaxshi his qiladi. @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in TelegramMuharrirlik va matnshunoslikning ham o‘z chegaralari bor. Imlo qoidalari, lug‘at va sog‘lom mantiq qanchalik kuchli bo‘lmasin, ular faqat ma’lum bir joygacha ishlaydi. Undan teparoqdagi satrlar lug‘atlarga bo‘ysunmaydi — ularning boshqa, qog‘ozga tushirilmagan o‘z qoidalari bor. Tahrir san’atidagi eng katta mahorat balki shudir: qachon qalamni qo‘lga olishni va qachon uni jimgina chetga surib qo‘yishni bilish. @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in TelegramKursga qabulni ertaga yopamiz. Chunki bundan keyin qoʻshilganlar darslarga yetib olishga qiynaladi. Murojaat uchun: @nuqtavergul
Open in TelegramSun’iy intellekt/idrok imkoniyatlaridan foydalanish yaxshi, albatta. Lekin foydalanish bilan foydalanishning farqi bor. Unga vazifa berayotganda qo‘shimcha qilib “matndagi xatolarni ham to‘g‘rilab ber” deyish mumkin edi. Kuchli muharrir darajasida emas-u, lekin hozirgidan ancha yaxshi natija generatsiya qilib bergan bo‘lardi. *Rasm obunachilarimizdan @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in TelegramYangi alifbo — yangi klaviatura Yangi alifbodagi ş, ç, ö, ğ harflarini tez yozish uchun hozir ko‘pchilik telefon yoki kompyuteriga turk tili klaviaturasini o‘rnatib olyapti. Lekin turkcha taxlamda bizga kerak bo‘lmagan boshqa belgilar ham bor, tez yozishda xalaqit beradi. Har safar kerakli harfni internetdan topib copy-paste qilib o‘tirish esa vaqt va asabni yeydi. Kun bo‘yi matn bilan ishlaydiganlar buni yaxshi tushunadi. Shu texnik noqulaylikka yechim sifatida bir obunachimiz xolis niyat bilan yangi lotin alifbosiga asoslangan o‘zbekcha klaviatura ishlab chiqibdi va kiritish.uz saytiga joylabdi. Bu sayt orqali qurilmaga aynan o‘zimizning yangi alifboga moslashtirilgan, ortiqcha harflarsiz toza klaviaturani o‘rnatib olish mumkin. Loyiha kodi to‘liq ochiq (open-source) va shaffof bo‘lgani uchun xavfsizlikdan xavotir olmasa ham bo‘ladi. Bir o‘rnatib, amalda ishlatib ko‘ring. Fikr va xulosalaringizni izohlarda yozib qoldirsangiz, loyiha rivoji uchun foydali bo‘ladi. @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in TelegramBu — Leapmotor C16 krossoveri va u meniki. Lekin hozir sizga “Kursda oʻqisangiz, yaqinda siz ham shunday mashina minasiz” degan lagʻmonni qulogʻingizga ilmayman. Chunki bunday natijaga erishish uchun faqat matn yozishning oʻzi kamlik qiladi. Buning ortida (Allohning fazli, ota-ona duosi va peshonaga bitilgan rizq masalasidan keyin) sohadagi 10 yillik tajriba, tinimsiz mehnat va brendlar bilan ishlash turibdi. Kursim sizga mashina olib bermaydi, lekin shu yoʻldagi eng toʻgʻri va mustahkam birinchi qadamni tashlashga yordam beradi. @xatoliklar
Open in TelegramChatGPT sizni kopirayter qilib qoʻymaydi Hozir koʻpchilik ChatGPT'ga ikkita soʻz yozib, undan chiqqan tayyor matnni kopirayting deb oʻylayapti. Yoʻq, bu — shunchaki matn generatsiyasi. Sunʼiy intellekt sizga qoralama matn beradi, lekin sizni kopirayter qilib qoʻymaydi. Neyrotarmoqqa toʻgʻri vazifa (prompt) berish, undan chiqqan matnni odam tiliga va sof oʻzbekchaga oʻgirish, mantigʻini toʻgʻrilash va matnga brend ovozini (Tone of Voiche) qoʻshish uchun baribir oʻsha klassik baza kerak. Fundamental bilimi yoʻq odam AI'dan chiqqan chiroyli soʻzlar yigʻindisiga “vau” deb qarsak chalib oʻtiraveradi. 3-4 ta generatsiyadan keyin esa sunʼiy intellekt nega aynan “sunʼiy” deb nomlanishiga amin boʻla boshlaydi. Koʻpchiligingiz bilasiz, menda kopirayting boʻyicha 12 ta videodarsdan iborat (1 oylik) tayyor kursim bor. Bu kursda sunʼiy intellekt (AI) boʻyicha alohida modul yoʻq. Chunki darslar neyrotarmoqlar ommalashishidan biroz oldin yozib olingan. Mening kursimda faqat fundamental bilimlar — matn mantigʻi, strukturasi, tahriri va oʻquvchi psixologiyasi oʻrgatiladi. Nega bu haqda yozyapman? Bugun obunachilarimizdan biri aynan shu kursni soʻrab, sotib oldi. Darslarni yopiq kanalga joylayapmiz, muhokamalar va vazifalar uchun alohida chat ochiladi. Lekin guruhda bir kishining oʻzi boʻlishi ham unga, ham menga zerikarli. Shu bois oʻzaro fikr almashadigan sogʻlom muhit shakllanishi uchun yangi guruhga yana odam qoʻshishga qaror qildim. Kurs tarkibida sunʼiy intellekt moduli yoʻqligini hisobga olib, uning avvalgi narxidan (1 mln soʻm) 40% chegirma qilyapman. ▪️ 12 ta tayyor videodars (yopiq kanalda). ▪️ Darslarni oʻzingizga qulay vaqtda koʻrasiz, yopiq chatda esa vazifalarni birgalikda tahlil qilamiz. ▪️ Kurs narxi — 600 ming soʻm. Murojaat uchun: @nuqtavergul
Open in TelegramSizning xatolaringizni shu kanalda bepul olib chiqishimni kutmang. Yaxshisi, ularni hech kim ko‘rmasidan oldin to‘g‘rilatib oling. Birovlarning xatosidan kulib, tanqid qilaverish oson. Lekin o‘sha xatolar dunyo yuzini ko‘rmasidan oldin yo‘q qilish — mening asosiy ishim. Agar kompaniyangizning matnlari haligacha “mutaxassislar tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgan” bo‘lsa, SMMchingiz O‘zbekiston deb yozishda xato qilsa va tijoriy takliflaringizni o‘qigan odamni esnoq bosayotgan bo‘lsa, demak, biz gaplashib olishimiz kerak. Hozir asosiy loyihalardan biroz nafas rostlab, yana 1-2 ta yangi brendning tilini davolashga, xunuk matnlarini plastik operatsiya qilishga va B2B lokalizatsiya (transkreatsiya) ishlarini olishga tayyormiz. Soddaroq aytsak, bizda: • kopirayting • tarjima • tahrir • tasʼhih xizmatlari. Matnlarni odam tilida gapirtirish uchun aloqaga chiqaverasiz: @nuqtavergul *Rasm obunachilarimizdan @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in TelegramUch alifboli davr: bizni nima kutyapti? Xabaringiz bor, Senat yangi lotin alifbosini ma’qulladi va tez orada u rasman joriy etiladi. Tan olish kerak, oldinda bizni biroz qiziq va o‘tish davriga xos chalkashroq jarayon kutyapti. Chunki endi amalda birdaniga uchta alifbo yashay boshlaydi: • katta avlod o‘rgangan kirill, • 30 yil amalda bo‘lgan eski lotin, • joriy qilinadigan yangi lotin alifbosi. Boshida ko‘nikkuncha ko‘zlarimiz biroz qiynaladi, ko‘cha-ko‘ydagi xato yozuvlardan kulgili holatlar ham ko‘payadi. Lekin bu o‘zgarishning ijobiy tomonlari bor. Birinchidan, matnlarimiz nihoyat o‘sha vizual xunuk apostroflardan, har doim texnik muammo chiqaradigan o‘ va g‘ lardan, sh va ch qo‘sh harflaridan qutuladi. Yozuvimiz ixcham va vizual toza shaklga kiradi. Dizayner va muharrirlarning eng katta bosh og‘rig‘i yo‘qoladi. Ikkinchidan, alifbo bilan birga yangi imlo qoidalari ham tasdiqlanadi. Demak, shu paytgacha tilshunoslikda bahsli bo‘lib kelgan va mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan eski qoidalardan voz kechish uchun tarixiy imkoniyat tug‘ildi. Eng qizig‘i — oldinda bizni umummilliy chalkashishlar mavsumi kutyapti, ya’ni hammamiz vaqtincha 1-sinf o‘quvchisiga aylanamiz. Barmoqlarimiz klaviaturada beixtiyor eski harflarga ketib qolaveradi. O‘rganib qolgan oddiy so‘zlarimiz ham yangi harflarda ko‘zimizga biroz g‘alati (xuddi turkcha yoki ozarbayjonchaga o‘xshab) ko‘rinadi. Lekin buning yaxshi tomoni ham bor: odamlar yozishga ko‘proq e’tibor bera boshlaydi, savodli yozish esa yanada qadrlanadi. Yangi alifbo va qoidalarga hamma birdek moslasha olmagan bir paytda matnni bexato yoza olish brendlar va mutaxassislarni boshqalardan ajratib turadi. Savodxonlik ishonch va professionallik belgisiga aylanadi. Biz esa bu jarayonda siz bilan birga bo‘lamiz — chalkashliklardan birga chiqamiz, yangi qoidalarni o‘rganamiz va, albatta, o‘rgatib boramiz. Qiziqarli xatoliklarni birgalikda tahlil qilishda davom etamiz. @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in Telegram❌ Tashrif buyurdik Blogerlar, muxbirlar va baʼzan oʻzimiz ham qayergadir borganimizni gapirayotganda “Bugun falon joyga tashrif buyurdik” deyishni yaxshi koʻramiz. Goʻyoki shunday desak, gapimiz madaniyatliroq va salmoqliroq eshitiladigandek. Arabcha tashrif soʻzining oʻzagi — sharaf. Tashrif buyurish — qadam ranjida qilish, oʻzining ulugʻ qadami bilan biror joyni sharaflantirish degani. Bu soʻz hurmatga sazovor, martabali insonlarga nisbatan ishlatiladi. Odam oʻziga nisbatan tashrif buyurdim deyishi esa mohiyatan kamtarlikka zid holatdir, chunki lugʻaviy maʼnoda oʻzini ulugʻlash bilan barobar boʻladi. Yaponlarda zoʻr til madaniyati bor: ularda boshqalarni ulugʻlab gapirish uchun alohida (尊敬語), oʻzini kamtar tutib gapirish uchun (謙譲語) mutlaqo boshqa soʻzlar va feʼl shakllari ishlatiladi. Aslida, oʻzbek tilida ham bu madaniyat asrlar davomida shakllangan. Tilshunoslikda bu hurmat va tavoze kategoriyalari doirasida oʻrganiladi. Bizda oʻzgalarga hurmat koʻrsatiladi, oʻzimizga (soʻzlovchiga) kelganda esa tavoze (kamtarlik) saqlanadi. Xalqimiz orasida oʻziga nisbatan kaminai kamtarin, fikri ojizimizcha, ojiz bandamiz kabi iboralar ishlatilishi bejiz emas. Uyidagi taomini qora qozonimiz, bergan sovgʻasini arzimas boʻlsayam qabul qilasiz deyish ham ayni shu tavozedan darak beradi. Bu — tilimizning goʻzal xususiyati. Shunday ekan, oʻzimizning oddiy qadamimizni ulugʻlab, “tashrif”ga aylantirmaylik. Nima deyish mumkin? Boshqalar haqida (hurmat maʼnosida): — Mehmonlar tashrif buyurdi. — Ustoz qadam ranjida qildilar. Oʻzimiz haqimizda: — Doʻkonga bordik. — Markazga keldim / kirdim. — Ushbu maskanda boʻldik... Siz tavoze bilan aytilgan yana qanday iboralarni bilasiz? @xatoliklar
Open in Telegram❌ Savob ishga qoʻl urdi DOMO kommunal ilovasi xayriya haqida post chiqarib, shu qiziq jumladan foydalanibdi: ...savob ishga qoʻl urdi. Jumlani oʻqigan odamda beyixtiyor odamlar xayriya emas, qandaydir ommaviy jinoyat sodir etgandek taassurot uygʻonadi. Oʻzbek tilida qoʻl urmoq feʼli kuchli salbiy boʻyoqqa (konnotatsiyaga) ega. Odatda jinoyatga, oʻgʻrilikka, xiyonatga yoki xatoga qoʻl uriladi. Savob ishga, xayriyaga yoki ezgu loyihalarga qoʻl urilmaydi, balki bel bogʻlanadi, hissa qoʻshiladi yoki kirishiladi. Xayriya — juda ezgu tashabbus, uning sababchilari va himmat egalariga rahmat, albatta. Lekin shunday chiroyli ishlar chiroyli (va toʻgʻri) soʻzlar bilan ifodalansa, nur ustiga nur boʻladi. Nima deyish mumkin? — Savobli ishga bosh qoʻshdi. — Xayrli ishga oʻz hissasini qoʻshdi. — Savob ishda tashabbus koʻrsatdi. — Savob ishni amalga oshirdi. — Xayrli ishda peshqadam boʻldi. — Ezgulik yoʻlida kamarbasta boʻldi. Izohli lugʻatda bu iboraning biror ishga kirishmoq degan neytral maʼnosi ham misol tariqasida keltirilgani rost. Lekin bugungi jonli tilimizda semantik torayish oqibatida ibora salbiy boʻyoq kasb etib, jamoatchilik ongida koʻproq noxush harakatlar bilan assotsiatsiya qilinadigan boʻlib qolgan. Siz bu iboraning qanday sinonimlarini bilasiz? @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in Telegram❌ Sadaqa raddi baloni qaytarar Shu jumlani juda ko‘p eshitamiz. Odatda duolarda chiroyli va ta’sirli eshitiladi. Lekin bu yerda qo‘pol uslubiy va mantiqiy xato — pleonazm bor. Arabcha radd (رد) so‘zining o‘zi qaytarish, daf qilish degani. Demak, raddi balo baloni qaytarish bo‘ladi. “Sadaqa raddi baloni qaytarar” deganda biz “sadaqa baloni qaytarishni qaytarar” deyayotgan bo‘lamiz, ya’ni sadaqa baloga sabab bo‘ladi degan ma’no hosil bo‘ladi. Bu — xuddi nutqimizdagi “qayta takrorlamoq”, “yaxshi fazilat” yoki “yosh go‘dak” degandek tavtologik gap. Jumlaning ikki xil to‘g‘ri shakli bor: 1. Sadaqa — raddi balo ✅ 2. Sadaqa baloni qaytarar ✅ @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in TelegramEndi hamma tadbirkorlar kitob yozadi(mi?) Chet ellik mashhur milliarder va top-menejerlarning kitoblarini koʻp oʻqiymiz. Ular tinimsiz tarjima qilinyapti, doʻkonlarda yaxshigina sotilyapti. Lekin aksariyat hollarda oʻzbek kitobxoni bu hikoyalarni toʻliq hazm qila olmaydi, oʻziga singdirmaydi. Sababi oddiy: u oʻsha afsonaviy Stiv Jobs yoki Ilon Mask. Lekin Oʻzbekiston sharoitida, bizning muhitda va tushunchalar ichida oyoqqa turgan oʻzbek tadbirkori emas. Ularning Kremniy vodiysidagi tajribasi bizdagi bozor realligiga, soliq tizimiga yoki mentalitetga umuman tushmaydi. Bizga oʻzimizning qorakoʻzlarning misoli va timsoli kerak. Noldan boshlab, shu yerning sharoitida yirik kompaniyalarni qurolgan odamlarning tajribasi boshqacha qabul qilinadi. Kecha Prezident tadbirkorlar bilan muloqotda aynan shu haqda taklif berdi. Ogʻir davrlarni, turli toʻsiqlarni boshidan oʻtkazgan biznesmenlarimiz oʻz tajribalari haqida kitob yozishlari kerakligini taʼkidladi. Demak, buyogʻiga mahalliy biznes-kitoblar trendi boshlanadi. Tadbirkorlar kitob chiqarish harakatiga tushadi. Lekin bu jarayonda koʻpchilik qoqiladigan holatlar bor. 1. Tadbirkor kitobni toʻliq oʻzi yozib, oʻzi chiqarmoqchi boʻladi. Biznes nuqtayi nazaridan bu mutlaqo notoʻgʻri yondashuv. Tadbirkorning asosiy vazifasi — kompaniya strategiyasini tuzish, tizimni boshqarish, yangi bozorlarga chiqish va muzokaralar olib borish. U kamida 200–300 betlik kitobni qolipga solish, jumla tuzish va imlo xatolarini toʻgʻirlash bilan oylab kompyuter qarshisida oʻtirishi — eng qimmatli resurs boʻlgan vaqtni sovurish bilan barobar. 2. Ishni toʻliq gostrayterlarga (yozuvchilarga) topshirib qoʻyish. Bu ham notoʻgʻri. Tadbirkor jarayonni butunlay tashlab qoʻysa, yozuvchi oʻzining dunyoqarashidan kelib chiqib tadbirkor aytmagan gaplarni, haqiqatda boʻlmagan voqea-hodisalarni, soxta jumlalarni qoʻshib yuborishi ehtimoli yuqori boʻladi. Natijada kitob tadbirkorning kechinmalarini aks ettirmay, yozuvchining dunyoqarashini ifodalay boshlaydi. Oʻqigan odam buning soxtaligini darrov sezadi va kitobga ishonmaydi. Eng toʻgʻri va ishlaydigan yechim qanday? Jarayonni bizga oʻxshagan, matnni his qiladigan va biznes mantigʻini tushunadigan mutaxassislar bilan birgalikda olib borish. Bu qanday ishlaydi? Avval qahramon(lar)ning soatlab yozib olingan, his-hayajonga qurilgan, ammo xronologiyasi va mantiqiy izchilligi parokanda boʻlgan ogʻzaki nutqi soʻzma-soʻz transkripsiya qilinadi. Keyin eng ogʻir qora mehnat boshlanadi: yuzlab sahifali xomashyo ichidan sof faktologiya, real keyslar va magʻiz sugʻurib olinib, butun kitobning mantiqiy arxitekturasi — skeleti quriladi. Ogʻzaki nutqdagi cheksiz takroriy fikrlar, stilistik siljishlar va mavzudan tashqaridagi “suv” olib tashlanadi. Bu jarayonda muallifning asl ovozi va xarakterini yoʻqotmaslik uchun har bir abzas sintaktik jihatdan qayta kalibrovka qilinadi. Skeletga goʻsht oʻralib, adabiy ishlov berilgach, koʻp bosqichli tahrir va tashih jarayoni boshlanadi. Bunda nafaqat imlo yoki punktuatsiya tekshiriladi, balki biznes-terminologiyaning oʻrniga tushgani, boblar oʻrtasidagi mantiqiy izchillik va matnning umumiy dinamikasi chigʻiriqdan oʻtkaziladi. YAʼni tadbirkorning tarqoq xotiralari avval dekonstruksiya qilinib, keyin oʻquvchi zerikmaydigan, eng muhimi, yirik kompaniya asoschisining maqomiga mos, gʻalizliklardan xoli, tirik va benuqson matnga aylantiriladi. Bu havaskor kopirayter eplaydigan ish emas, balki katta hajmdagi matnlarda toblangan mutaxassislar qiladigan murakkab operatsiya. Xullas, har kim qila oladigan eng kuchli ishi bilan shugʻullangani maʼqul. Tadbirkor tajribasi haqida aytib beradi, biz uni kitob qilamiz. Odamlar gapirishi, Prezident aytgani va trendga ergashish uchun emas, balki insonlarga foydasi tegishi uchun kitob chiqarmoqchi boʻlgan tadbirkor boʻlsa, biz shu yerdamiz. @xatoliklar
Open in TelegramKursiv Uzbekistan nashri alifbo yangilanayotgani borasida bir nechta ekspert fikrini jamlab, maqola tayyorlabdi. Baraka topishsin. Qiziq bo‘lsa, maqolada quyidagi mutaxassislar fikrlari bildirilgan: 1. Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi bo‘lim boshlig‘i O‘rinboy Boboyorov. 2. Psixolingvist Iroda Azimova 3. @xatoliklar Telegram kanali muallifi Abduazim Rustamxo‘jayev (kamina) 4. Iqtisodchi Behzod Hoshimov Maqolani o‘qish 👇 https://uz.kursiv.media/uz/2026-07-28/yangi-harflar-eski-muammo-alifbo-bahsi-kuchaydi/ @xatoliklar @xatoliklar_lotin
Open in TelegramXullasi kalom, shaxsiy fikri ojizimcha, loyiha mualliflari masalaga umumturkiy standartga shaklan moslashish degan pozitsiyadan yondashishgan. Yaxshimi bu yoki yomon — vaqt koʻrsatadi. Achinarlisi, hozirgi avlod yana yangi tajribalar qurboniga aylanyapti. Biz shundoq ham lotin yozuviga oʻtish azobini avlodlar oʻrtasidagi jarlik misolida toʻliq his qildik, endi esa eskilarning xatolarini tuzatish bahonasida xalqimizni yangicha chalkashlik girdobiga tashlayapmiz. @xatoliklar
Open in Telegram