#Muslim_podcastda
#moʻjiza
📱🗣QUR'ONI KARIMNING MUHOFAZA QILINISHI ULKAN MO'JIZADIR (1-QISM)
Payg'ambarimiz Muhammad alayhissalom hayotlik vaqtlarida yana vahiy tushib qolar, degan umidda Qur'on jamlanib, kitob shakliga keltirilmagan. U zot sollallohu alayhi vasallamning vafotlaridan keyin Qur'on kishilarning qalbida va yozgan narsalarida saqlanib qoldi.
Muhammad alayhissalomdan so'ng musulmonlarga Abu Bakr roziyallohu anhu boshliq etib saylandilar. U kishining davrida dindan qaytganlar bilan musulmonlar orasida qattiq janglar bo'ldi. Bu janglarda Qur'oni Karimni to'liq yod olgan ko'plab qorilar shahid ketdilar. Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu Abu Bakr roziyallohu anhuga: «Qorilar o'lib ketaversa, Qur'onga zarar yetishi mumkin, shuning uchun uni kitob shaklida jamlab qo'yish kerak», degan maslahatni berdilar.
Avvalboshda Abu Bakr roziyallohu anhu ikkilanib turdilar, chunki bu ish Payg'ambar alayhissalom hayotlik chog'larida qilinmagan edi. Keyinroq esa Abu Bakr roziyallohu anhu ham Qur'oni Karimni kitob shakliga keltirib qo'yish zarur ekanligini anglab yetdilar va sahoba Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuni chaqirib, bu ishni amalga oshirishni unga topshirdilar. Chunki Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu Payg'ambar alayhissalom bilan juda ko'p birga bo'lgan, Qur'oni Karimni nihoyatda yaxshi yod olgan va uni Payg'ambar alayhissalomning huzurlarida yozgan, u zot sollallohu alayhi vasallam vafot etadigan yillari Qur'oni Karimni farishta Jabroil alayhissalomga avvalidan oxirigacha o'qib o'tkazganlarida birga bo'lgan edilar.
Shunday qilib, Zayd va Umar roziyallohu anhumo mashaqqatli urinishlardan keyin Qur'oni Karimni kiyik terisidan bo'lgan sahifalarga yozib bitirdilar va bog'lab, Abu Bakr roziyallohu anhuning uyida saqlab qo'ydilar. U kishi olamdan o'tgandan keyin sahifalar hazrati Umar roziyallohu anhuning uylarida, u kishidan so'ng esa qizlari, Payg'ambarimiz alayhissalomning zavjalari Hafsa onamiz ixtiyorlarida qoldi.
🤲🗣"Qur'on va sunnatdagi ilmiy mo'jizlar"
✍ Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
🎙 Suhandon: Muhammad Nur
📝 Mazkur "Qur'on va sunnatdagi ilmiy mo'jizlar" kitobi Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining 2025 yil 10 sentyabrdagi 02-07/5691-sonli xulosasi asosida nashr qilingan.
🥺Telegram🛍Instagram
🤪Facebook😍YouTube
🟢 MUSLIM.PODCAST.UZ GA 📲 OBUNA BO'LING ✅ VA ULASHING🗣