RUHNING UCH EVRILISHI
Ba'zan ulug' dardlar so'raysan,
Ko'proq taniy deysan olamni.
Yuragingni ezayotgan bo'ladi
Orzularini molxonasiga ko'mgan qaysidir singling
"Endi faqat bolamdan kutaman ro'yobni, opa"
deganda,
O'ylaysan, sevgi-chi?
Sevgi hech kim seni tinglamay qo'ygan palladan boshlab
Gunglik to'lqinlarida qaytadi Asl Ibtidosiga.
Diydiraysan o'layotgan kuz barglarida,
"men ham bor edim-ku",
"men ham xohlardimku" degan kelinlik diydirashi
Ona bo'lib boqadi endi faqat
kelajak ko'zlariga.
So'ngan orzulardan butlanar "ona".
Taqdirga qo'shasan barchasin
O'zingni qo'shib yuborasan hayotga.
Hayotda yitib, so'zda bor bo'lish uchun ko'milasan kitobga.
Ishxonaning zax yo'lagida xayol Tuyasida og'ir yo'rtarak
Ajdahoga tutilasan tuyqus eshik oldida.
"Bu kitobmi", deydi Ajdaho,
"taqiqlanar, ekspertizaga",
"Bu adibmi, - deydi, - ko'zlari o'yiq,
Taqiqlanar, ekspertizaga".
"Bu shoira - kitobi ham qilpillaydi, behayo, dinsiz,
Taqiqlanar, ekspertizaga",
"Bu olimmi, tilida oyat,
Taqiqlanar, ekspertizaga",
A bu muallif?
"Nega dinsiz yo dindor emas?
Taqiqlanar, ekspertizaga".
Ajdaho o't puflaydi barisiga
Oyog'ingdan ilar seni tutuni -
Muallaqsan - qaysi yo'lagidan yurma orzuning.
Kelib kundaligingni yoqasan.
Hukm qilasan xayolingni qamoqqa.
Singling ko'zida Ozod Ayol qilgan ozodlik zahrini Tun Arsloniga ichirasan -
Uyg'onmaydi bichilgan murosa Arsloni.
Nafaslaring sekin qotadi.
Shashting qoladi havoga yoyilgan kir kabi hilpirab
Negadir hurkadi, potirlaydi, qaltiraydi Quvvating.
Xayollarini qamoqqa tashlagan Ozod ayol,
Balkim sen ham endi Ona bo'lasan,
Bolangga tikasan sen ham umidni.
Balkim ekspertizadan o'tgan silliq orzularni sut qilib ichirasan,
O'shanda ham ekzpertizadan o'tkaz
Bolangning ko'ziga qarab har zamon
Sinchiiklaab qara, ular taqiqlanmaganmi?