Biror kitobni deb til o‘rganarmidingiz?
Shu savol xayolimga kelganida tanishlarimni bir-bir esladim. Qarasam, atrofimda shunday kitobxonlardan ancha-munchasi bor ekan. Men esa 4 til misolida ularni qisqacha tanishtirib oʻtmoqchiman.
Bir do‘stim fransuz adabiyotining oltin davrini, Balzakni, Gyugoni, Stendal-u Mopassanni asliyatda o‘qishni istardi. Shu havas bilan fransuz tilini mustaqil o‘rganishni boshladi. Hozircha natijalari juda yaxshi. Ha, hali klassikalarni bemalol o‘qib ketganicha yo‘q, lekin o‘sha kitoblarga endi qo‘li yetay-yetab deb turgani ham rost.
Shuni o‘ylab turib, yana bir tanishim esimga tushdi. Esladim-u fentezi-ku mayli, lekin detektiv va horrorni yaxshi ko‘radigan qizlar ham borey deb kulib qoʻydim. Shu qiz o‘qigisi kelgan kitoblarining o‘zbekchalarini tugatgach, yangilari chiqavermagach, inglizchasini qidira boshladi.
Tovba deyman, inglizcha bilmasa matnga qarab oʻtirgan bilan tushunib qolarmidi deyman. Bittasining PDFini internetdan topdi, boshqasini Amazondan buyurtma qildi. Keyin bir yonda kitob, bir yonda lug‘at bilan shularni oʻqishga kirishdi… Oradan 2 yilcha vaqt oʻtdi. Hozir inglizcha gapirishga uncha tili kelishmaydi-yu, qo‘liga biror triller yoki fentezi romanini bersangiz, lug‘atsiz mazza qilib o‘qiy oladi.
Qizlar til oʻrganishga mahoratli boʻladi shekilli-da. Yana bir tanishim Nobel mukofoti sovrindori Orhan Pamukning “Qor” romanini ruschada o‘qibdi. Unga shundaylar yoqibdiki ta’riflashi qiyin emish. Ha, ruschaga tarjima yaxshi qilingandir-u lekin bu asarni turkchada o‘qisang Pamukning o‘sha ohangini boshqacha his qilasan-da deganim esimda. Shu gap bilan havasi ortib turk tili kursiga yozilibdi. Mana qarabsizki oradan biror yil oʻtib-oʻtmay Pamukning asarlarini turkchada o‘qib yuribdi.
Yana biri kursdoshim. Dostoyevskiy bilan Tolstoyni deb rus tili kursiga yozilgandi. Avval soddaroq matnlarni o‘qib yurdi. Zamonaviy rus adabiyotidagi “sargʻishroq” asarlarga mukkasidan ketgan paytlari ham boʻlmadi desam yolgʻonchiga chiqaman. Lekin asosiy orzusini ham unutmadi. Asta-sekin rus tilisini kuchaytirib bordi va mana endi oʻsha ikki dahoning romanlarini asliyatda bemalol o‘qib yuribdi.
Yaqinda koʻrishib qolsak “Anna Karenina”ni 4 marta, “Telba”ni 6 marta oʻqidim deydi. Kareninani 4 marta qayta oʻqish uchun odam sogʻ boʻlmasligi kerak dedim oʻqrayib. Jinnilarday tirjayadi. Rostdan jinniroq boʻladi a shu tipdagi odamlar? Endi bu maqtanchoqning aytgan raqamlari ichida boshida tilni unchalik bilmasdan, his qilmasdan, mashq uchun oʻqilganlari ham bor-da…
Rosti, shunaqa tanishlarimga havas qilaman. Bir vaqtlar fransuz tilini ham, turk tilini ham shunaqa oʻrganganimni yodga soladi bular. Kitob yoki adabiyot sabab kimdir uzala tushib lugʻat titsa, boshqasi vaqtini va naqdini ayamay kursga qatnaydi. Natijaga erishganlari, erishayotganlari esa odamni juda xursand qiladi.
Men hozircha ingliz tilini bilmayman. Lekin bu tilda o‘qishni ko‘nglimga tugib qo‘ygan kitoblarim kam emas. Shu tanishlarimni o‘ylasam, o‘sha kitoblarning birortasini shart olib, hayo-hayt deb hoziroq oʻqishga kirishgim keladi. Mayli, lug‘at bilan bo‘lsa ham-da. Mayliga-da. Siz-chi? Siz qachon boshlaysiz?..
➡️@qora_yigit
🌐 Bir-burchak.uz