#finished
Shukur Xolmirzayev – “Bulut to‘sgan oy”
Inson bir kishini qanchalik sevishini anglashi uchun nega avval uni yo‘qotishi kerak ekan a? “Bulut to‘sgan oy”da meni eng ko‘p o‘ylantirgan narsa muhabbatning o‘zi emas, uning qanday qilib kibr, manfaat va kechikib tushunib yetishlar orasida izdan chiqishi, abgor holga tushishi boʻldi.
Hikoya yomg‘irdan qochib restoranga kirgan yozuvchining tasodifiy uchrashuvidan boshlanadi. Uning eski tanishi Tavakkal puldor, dovyurak, chapani va o‘z so‘zini o‘tkazishga o‘rgangan odam.
Yonidagi Gulsara esa bu shovqinli odamga mutlaqo teskari. Chiroyli, nozik, dardini ichiga yashirgan ayol. Ularning munosabatini kuzata turib, boshida ko‘nglimdan “Bu ikkisi bir-birini qanday tushunadi?” degan savol o‘tdi.
Gulsaraning kechmishi ochilgach, hikoya oddiy sevgi voqeasidan kattaroq ma’no kasb eta boshladi. Muallif Tavakkalni shunchaki qo‘pol boyvachcha, Gulsarani esa faqat bechora jabrdiyda qilib chizmaydi. Ikkalasida ham g‘urur, ojizlik, mehrga ehtiyoj bor.
Shukur Xolmirzayev bu qarama-qarshiliklarni boshqa asarlaridagidek “Tanovar” raqsi, uyasidagi qaldirg‘ochlar va oxirgi sahnadagi oy kabi hayotimiz parchalari bilan ochib beradi. Qaldirg‘ochlar bir-birini kutadi, odamlar esa bir-birining qadrini bilishga ulgurmaydi ham…
Menga qolsa, bu asarni sevgi haqida emas, sevgan odamni o‘zimizga tegishli buyum deb bilmaslik haqida degan boʻlardim. Sevganini oʻz buyumidek koʻrib baxtli boshlangan hayotni barbod qilgan, chiqib boʻlmas oxiri berk koʻchaga olib kirib qoʻyganlarni hech koʻrganmisiz? “Bulut to‘sgan oy” ana shundaylar, ana shunday taqdirlar haqida…
➡️@qora_yigit
🌐 Bir-burchak.uz