Bir narsaga aniqlik kiritay (ko'pchilik buni allaqachon bilsa ham): necha yildan beri Telegramda kanal yuritar ekanman, kim bilandir bahslashish, bahsga taklif qilish yoki kimnidir fikridan qaytarish uchun yozmaganman. Bir marotaba ham. O'zim qiziqqan masalalar haqida o'ylaganlarimni, imkon qadar ilmiy dalillar bilan, keng tarqalgan noto'g'ri tushunchalarga aniqlik kiritib avvalambor o'zimga-o'zim yozaman, va o'quvchilarimga ulashaman. Shu sababli ayrim fikrlarga munosabat bildiraman. O'sha fikr egalarini o'zgartirish uchun emas, bu muhokamadan kanal o'quvchilarim ham nimadir o'rganishi uchun.
Endi masalaning mohiyatiga kelsam. Oldingi postlarida SI hayotimizni yaxshilamagani, foydasidan zarari ko'proqligi aytilgan edi. Men bunga qarshi empirik dalillar keltirdim. Javobda esa gap ish o'rinlari, talabalarning fikrlash qobiliyati va milliarderlarning boyligiga ko'chibdi. Goal post o'zgaribdi. Mayli, shu ayrim xatolarga aniqlik kiritish kerak (obunachilarim uchun, Sherzod akaga emas).
1) Birinchidan, Microsoft 60 ming xodimini ishdan bo'shatayotgani yo'q. Kompaniya shuncha xodimga ixtiyoriy ketish imkoniyatini pulga taklif qilgan. Qolaversa, Microsoftda xodimlar soni 2019-yildagi 144 mingdan 2026-yilda 223 mingga yetgan. Ya'ni turli yillardagi qisqartirishlarga qaramay, xodimlar soni 55% ga oshgan. Negadir texnologiya kompaniyalarining faqat qisqartirishlari haqida gapiramiz-u, yaratgan ish o'rinlarini unutamiz. Masalan, MSFTning median ishchisi daromadi yiliga $215K .
2) Rentgenologlarning ish hajmi kamayishi ularning avtomatik ishsiz qolishini anglatmaydi. AQShda hozirning o'zida rentgenologlar yetishmayapti, tibbiy tekshiruvlarga talab esa oshmoqda. Qolaversa, saratoni ertaroq aniqlangan bemorlarning manfaati-chi? Ko'krak bezi saratonini tezroq aniqlab odamlar hayotini saqlab qolingani yaxshi emasmi? Yoki bemorlarga yaxshiroq xizmat ko'rsatish imkoniyati paydo bo'lsa ham, mavjud ish o'rinlarini umrbod saqlashimiz kerakmi?
3) Toyota bilan Anthropic korxonalarining bozorda baholanishi farqi haqida - bu masadala ham o'rganadigan joyi bor. Kompaniyaning bozor qiymati bugun qancha mahsulot ishlab chiqarayotgani bilan emas, kelajakda qancha foyda keltirishi kutilayotgani bilan belgilanadi. Aksiya narxi ham shunga qarab narxlanadi. Bunda o'sish sur'ati, foyda marjasi, risklar va kapitalga ehtiyoj ham muhim. Toyota bilan Anthropicning biznes modellari, xarajatlari va o'sish imkoniyatlari butunlay boshqa-boshqa. Investorlar tomonidan Anthropic haddan tashqari qimmat baholangan bo'lishi mumkin. Lekin bir kompaniya boshqasidan ko'proq Camry ishlab chiqarishini ko'rsatib, bunisi moliyaviy pufak ekanini isbotlab bo'lmaydi. Aslo.
4) Iqtisodiyot faqat investorlarning foydasini emas, ishchilar, iste'molchilar va butun jamiyat farovonligini ham o'rganadigan fandir. Unumdorlik oshishi faqat ish o‘rinlari qisqarishini anglatganida, ikki asrlik texnologik taraqqiyotdan keyin hammamiz ishsiz bo‘lishimiz kerak edi. Ish o'rinlari yo'qoladi, yangilari yaratiladi, kasblar va vazifalar o'zgaradi.
5) Professorlar haqidagi xavotirga kelsak, universitetdagi vazifamiz faqat ma'ruza o'qish, slayd tayyorlash va talabalar ishini tekshirishdan iborat emas. SI istalgan savolga javob bera oladigan zamonda talabalarga mustaqil fikrlashni, to'g'ri savol berishni, va dalillarni tanqidiy baholashni o'rgatish yanada muhim. O'z fikrini og'zaki ifodalash, qilgan ishini boshqalarga tushuntirib berish, muhokama qilish kabi ko'nikmalarning ham qadri oshgan. Agar professor yoki universitet rahbariyati ta'limni faqat ma'lumot yetkazish deb tushunayotgan bo'lsa, texnologiyadan ustunlik bilan foydalanish kerakligini ko'rmayotgan bo'lsa, unda haqiqatan ham xavotirlanishga asos bor, qo'shilaman.
6) Talabalarning SIga qaram bo'lishi, ekologik xarajatlar - bular real xavotirlar. Ularni inkor qilayotganim yo'q. Gap bular haqida ham emasligi uchun to'xtalishga ham xojat yo'q.
@uzbekonomics