Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Saidxon Kamilxonovning jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkini jinoiy tajovuzlardan himoya qilish yuzasidan shahar aholisiga MUROJAATI
Hurmatli Ohangaron shahri aholisi! Aziz yurtdoshlar!
Bugungi kunda jamiyat osoyishtaligiga rahna soluvchi jinoyatlar, jumladan, talonchilik va bosqinchilik holatlarining oldini olish har birimizdan ogohlik, hushyorlik va mas’uliyat talab etadi.
Talonchilik va bosqinchilik jinoyatlari fuqarolarning mol-mulkiga, hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘diradi. Shu bois har bir fuqaroning shaxsiy xavfsizlik qoidalariga amal qilishi muhim ahamiyatga ega.
Shu munosabat bilan sizlardan quyidagilarga amal qilishingizni so‘rayman:
- Kechqurun va tungi vaqtlarda yoritilmagan, odamlar kam yuradigan joylarda yolg‘iz harakatlanmaslikka harakat qiling.
- Katta miqdordagi naqd pul va qimmatbaho buyumlarni ko‘z-ko‘z qilmang.
- Begona shaxslarga shaxsiy mol-mulkingiz va mablag‘laringiz haqida ortiqcha ma’lumot bermang.
Shubhali shaxslar yoki xavfli vaziyatlarga duch kelsangiz, ehtiyot choralarini ko‘ring.
Farzandlaringizga ko‘chada yurish va shaxsiy xavfsizlik qoidalarini tushuntiring.
Talonchilik yoki bosqinchilik holatiga guvoh bo‘lsangiz, zudlik bilan ichki ishlar organlariga xabar bering.
Hurmatli shahar aholisi!
Jinoyatchilikka qarshi kurashish faqat ichki ishlar organlarining emas, balki butun jamiyatning umumiy vazifasidir. Mahalla faollari, yoshlar, ota-onalar va har bir fuqaro bu borada hamjihatlikda harakat qilishi lozim.
Sizlarni befarq bo‘lmaslikka, qonunlarga rioya qilishga, o‘zingiz va yaqinlaringizning xavfsizligiga mas’uliyat bilan yondashishga chaqiraman.
Unutmang: jinoyatning oldini olish — uning oqibatlariga qarshi kurashishdan ko‘ra samaraliroqdir!
Biz uchun eng oliy maqsad — Ohangaron shahrida tinchlik, osoyishtalik va xavfsiz muhitni ta’minlashdir.
Hurmat bilan,
Ohangaron shahar Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i
Kamilxonov Saidxon Kamilxonovich