Özbekiston ziyolilari kengaşi iş boşlabdi. Iştirokçilar röyxatidan xulosa qilsak, Özbekistonda ziyoli ikki xususiyatga ega bölişi kerak ekan. Birinçisi, diplom bölsa, ikkinçisi har qanday amaldagi hukumatga ixlos. Aslida, ziyoli (intelligent) bilan intellektual (san’atkor, ahli ilm, diplomli mutaxassis) örtasida katta farq bor. Bu ikkisini Sovet davrida bir qilib yuborişgan.
Sinçalak degan quş «osmon tuşib ketsa uşlab qolaman» deb oyoğini osmonga kötarib yotar ekan!
Ziyoli ham osmon uzilib tuşsa, uni uşlab qolişga men ma’sulman deb öylaydigan insondir. Hamlet noliganidek,
"Zamon izdan çiqdi, o, bu maş’um bir alam,
Uni izga solmoq uçun tuğilgandayman!"
Mana şu, dunyo fasodga uçragani va bu izdan çiqqan zamonni isloh qiliş uning zimmasida ekanligi hissiyoti ziyolining intellektualdan (san’atkordan, imomdan va hkz) asosiy farqini taşkil etadi. Ya’ni, ziyoli "befarq bölmagan" insondir.
Ziyolilar "odamga öxşab" karyera, biznes kabi maişiy işlar bilan band bölib yurişni juda xohlar edi, şunga könika olsa faqatgina xursand bölar edi, lekin maişatga berilib ketsa içida qandaydir mavhum azob sezadi, nimagadir xiyonat qilayotgani hissidan qiynalib ketadi.
Qahhorning qissasida sinçalak Saida kolxozning zöravon raisi Qalandarov bosimiga "Otam tengi odamsiz, lekin aqlim yetib turgan gapni gapirmasdan ham turolmayman" deb javob beradi. Ziyolining ikkinçi vazifasi ham mana şundan iborat: aqli yetgan haqiqatni iqtidorga, qudratga tik gapiriş. Ya’ni, ziyoli “töğri sözlar sözlaydi mumkin qadar, xoh onasi ranjisun, xohi padar”.
Iqtidor bu yerda amaldagi hukumat yohud jamiyatdagi hukmron norma va an’analar ham bölişi mumkin. Ya’ni, ziyoli uçun "avtoritetlar" yöq.
Befarq bölmaslik va haqiqatni iqtidorga gapiriş ziyolini intellektualdan, diplomli mutaxassisdan, san’atkordan, ahli ilmdan ajratib turadigan asosiy alomatdir. Intellektual (ahli ilm, san’atkor) ham ziyoli bölişi mumkin (odatda ziyolilar şulardan çiqadi), lekin bölmasligi ham mumkin.