#bugunimiz
Yana nimalar qilib yuribmizey... :)
Mahallamizda yigirma qavatli “Site” bor - qo‘riqlanadigan yopiq turar-joy majmuasi, fitness, bolalar maydonchasi, turargoh... hammasi ichida. Boylar yashaydigan “Apartman” xullas.
Shu yerdan ijara uy chiqdi, hamsoya opamiz topibdi. 3 xona, teppa tekin. Bo‘sh, lekin gaplashilsa, qo‘shnilar ichini to‘ldirishga yordam berarkan. Yana eng kam oylik ish haqi (550$) miqdorida maosh ham to‘lashadi!
Kamiga, kommunal to‘lovlar yo‘q. Istaganingizcha gaz, elektr yoqing, suv ishlating, bir so‘m bermaysiz. Evaziga esa...
“Kapıcılık” qilasiz. Yagona sharti shu. Ya’ni, kunda ikki mahal yigirma qavatdagi insonlar eshigi oldiga chiqarib qo‘ygan chiqindilarini to‘kasiz, haftada bir, yog‘ingarchilik mavsumda ikki marta zinalarni yuvasiz, keyin shu atrofdagi mayda-chuyda ishlar.
Sitora opasi bilan ishni va uyni gaplashishga ketdi. Men ishdaman. Ichim qizib, ustalardan dam badam bu qanday ish, vazifasiga nimalar kiradi, qiyinmi osonmi... deb maslahat so‘rayman.
“Sen 20 qavatdan qo‘rqma, ishi oson bo‘ladi, g‘ildirakli aravachani olasan, liftda qavatma-qavat yurib, chiqindilarni to‘playsan, ertalab bir mahal, kechda yana bir. Kunduzi baliqxonada ishlayverasan. Haftalik dam olishingda esa, zinalarni yuvasan. Grafikni to‘g‘rilasang bo‘ladi bemalol..”
“Fursatni qochirma, bunday yog‘li ishlar ko‘p turmaydi, hash-pash deguncha birortasi tanish-bilishini joylashtiradi”
“Bizning turklar yordam berishni sevadi. Ayniqsa, ramazon oylari, hayit bayramlarida. Oyliging bor, yashashing tekin, choy-chaqa ham berishadi, bundan tashqari, qurbon so‘yishganida go‘sht, pul-mul deganday. Mutlaqo bepul yashaysan, maoshingni yig‘asan”
“Ko‘p tanishlarim 3-4 yil “kapıcılık” qilib, pulini biriktirib, yangi uyga ko‘chib o‘tishgan, mashina olishgan. Yaxshilab o‘ylab ko‘r, boshingga baxt qushi qo‘nibdi...”
Men puldan ko‘ra, uyda bo‘lish, Sitora ilmiy ishini yozib, diplomini qo‘lga olvolgunicha bolalarga qarashda yordam berish payida edim. Baliqda ishlash uchun yo‘l bilan hisoblaganda kunlik 14+ soat tashqaridaman, tozalikni nari-borsa, 2-3 soatda qilib tashlayman, deb o‘ylardim. Ham bu yoqdagi maoshimning 70-80 foizi ijara uyga ketadi, undan ko‘ra tekin yashab, maosh olish maza edi-da :)
Bu yoqdan ayolim men ham yordam beraman, bir o‘zingizni qoldirmayman deydi, men o‘zim eplayman, sen darsingni qilasan, deyman. Qo‘yingchi, Sitora yigirma qavatli majmua mas’ul xodimining yoniga yetib borgunicha men bilan tortishdi va yarim soatcha telegramdan chiqib ketdi. Javob kutishni boshladim.
Ustalar “prikol” qiladi: ramazonda ro‘za tutsang tutmasang, qo‘shnilar yonida “Hamd bo‘lsin, bugungi ro‘zamizni ham tutdik!”, “Alhamdulillah, ko‘rsatgan kuningga shukr” de, tozalik qilayotganingda esa, telefoningda suralar eshitib yur. Tilidan shukr tushmas ekan, shunday og‘ir ishda bo‘lsa ham ro‘za tutarkan, qo‘li ishda, ko‘ngli Allohda ekan deb yanayam ko‘proq yordam berishadi...
Vanihoyat, Sitora gaplashib chiqdi. “Lag‘mon “otmen”, chuchvara qilamiz” dediku. “To‘g‘ri, kapıcı'ga ehtiyojimiz bor, mos nomzod topolmayapmiz anchadan beri. Lekin yabancı'larni qabul qilolmaymiz, bu ish faqat turklar uchun, xorijliklar qabul qilinmaydi” deganmish.
Ha do‘stlar, chet ellik bo‘lganingiz uchun:
• rasmiy ishga kirolmaysiz(qiyin);
• qurilish va men ishlaydigan kafe-restoranlarda ham turklardan kam maosh olasiz
• Ijara uy tutishingiz muammo, hammayam xorijlikka uyini beravermaydi
• hatto, mana shunaqa qooop qora farroshlik ishlariga ham hadeganda yabancı'larni qabul qilishmaydi.
Bora-bora yabancı so‘ziga allergiyam qo‘zib boshlayapti. Xayrlisi, Xudo meni va oilamni bir balolardan asradi, menimcha!
@Ijoddardi