Erta tongda ishga yoʻl olganimda piyodalar yoʻlakchasida yoshi ulugʻ bir inson (taxminan 80 yoshdan oshgan) meni toʻxtatdilar. Quyidagilarni aytdilar: «Sizlarga, yaʼni Hamidjon, Kamoliddin, Shuxrat, Gʻayratxoʻja, Abduvali, tarixchi bolam (imlarini aniq eslay olmadilar), koʻzoynakli va hayajonli gapiradigan yigitga (Bektosh akani nazarda tutdilar shekilli), Oybekjon, Farxodjon (Tolipov), sochi uzun yigitga (Hamza aka boʻlsa kerak) hamda boshqalarga doimiy eʼtibor beraman va hech bir koʻrsatuvini oʻtkazib yubormayman. Baʼzan sizlar bilan oʻz fikrimni ifodalab baxslashaman, baʼzan fikrlaringizga qoʻshilaman, baʼzan esa gaplaringizdan jahlim chiqadi, ammo bizda shunday siyosiy tahlillar olib borilayotganidan xursandman. Davlat yoʻl ochib berdi, shu sababli suisteʼmoldan qochib, shu ruhiyatda davom etinglar. Dunyoda boʻlayotgan voqealarni oʻzimiznikilardan eshitish yaxshi. Oʻz ustingizda yanada koʻproq ishlab, bizga fikr yetkazib boringlar. Saflaringizni kengaytiringlar. Kimni koʻrsangiz, salomimni yetkazing va odamlar sizlarni koʻrishayotganini hamda fikriy jihatdan oʻsib borayotganini aytib qoʻying».
Endi har bir aytilgan mutaxassislar bilan bugun uchrasholmasam kerak, yodimdan chiqmasligi uchun kanalimda yozib qoldirdim. Toʻgʻrisi, juda xursand boʻldim, chunki turli tanqidlar boʻlsa-da, manfaatlarimiz tegayotgan ekan, bundan mamnunmiz.