* * *
Aya,
men negadir ichikolmadim,
hokistar uzandim sendan nariga.
bugun qoʻrquv titroq suvratin chizar
nafasimning shaffof devorlariga.
Bir yoʻl koʻrinadi,
senga bormas yoʻl,
dilimning chilparchin derazasidan.
Uygʻonib ketaman kuzgi bogʻlarda
yoding-la toʻkilgan barglar sasidan.
Koʻzimda muzladi quyosh siyrati,
oyat daryolari toʻldilar ohga.
Ogʻriqlar tirildi –
najot bergil deb
faqat senga borgum,
faqat Allohga...
Uloqib yuribman olis kunlarning
roʻmoling kabi keng taraflarida.
Aya, koʻr,
umrimning libosi – iymon,
lek tanim osiylik hadaflarida.
Botinimda qoʻpar zangor vasvasa,
bilmaysan...
bu zulmat – iblis sajdasi.
Va yana bilmaysan,
bu kenglik – zindon,
men hamon qoʻmsarman mehring qafasin.
Kun kelib uzgayman behol, bemajol,
umidning zang bosgan zanjirlarini.
Sindirgum koʻksimga botmoq istagan
dunyoning nigohiy xanjarlarini.
Ketarman, kelarman...
yoʻlim – aylana,
borligim – borliqqa yoʻnalgan oʻchim.
Bemehr demagin, charchadim, aya –
seni sogʻinmoqqa yetmaydi kuchim.
Mirzohid Muzaffar
@bobil_kutubxonasi