58 yoshli ayol bir yildan ortiq vaqt davomida genetik o‘zgartirilgan cho‘chqa buyragi bilan yashamoqda. AQShlik Molly Falco tibbiyot tarixida yangi rekord o‘rnatdi. 2025-yil 22-noyabrda unga Massachusetts General Hospital shifoxonasida genetik modifikatsiya qilingan cho‘chqa buyragi ko‘chirib o‘tkazilgan edi. Oradan bir yil o‘tdi va transplantatsiya qilingan buyrak hamon faoliyat ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, ayol shu vaqt davomida dializga muhtoj bo‘lmagan. Inson immun tizimi boshqa hayvondan olingan organni begona jism sifatida qabul qilib, unga hujum qiladi. Asosiy muammo shunda edi. Olimlar bu muammoni kamaytirish uchun cho‘chqaning genlarini o‘zgartirishdi. Immun tizimining keskin reaksiyasini qo‘zg‘atadigan ayrim genlar olib tashlandi, inson genlariga moslashtirilgan yettita gen qo‘shildi. Shuningdek, virus yuqishi xavfini kamaytirish uchun cho‘chqa genomidagi endogen retroviruslar faolsizlantirildi. Bu usul xenotransplantatsiya deb ataladi ya'ni bir biologik turdan boshqa turga organ yoki to‘qima ko‘chirib o‘tkazish. Avvalgi rekord 271 kun edi. Molly Falco esa bir yildan oshiq vaqt davomida cho‘chqa buyragi bilan dializsiz yashayotgan birinchi inson bo‘ldi. 2027-yilning birinchi choragida 33 nafar bemor ishtirokida yangi klinik sinov boshlanishi rejalashtirilgan. Balki kelajakda donor organlarini yillar davomida kutish muammosiga yechim hayvonlarning genetik modifikatsiyasidan topilar. Science
Открыть в TelegramПосты канала Ilm-fan | Science
GTA VI fikr kuchi bilan o'ynaldi Strimer GTA VI o‘yinida samolyotni miya signallari yordamida boshqarib, qiziqarli tajriba o‘tkazdi. Buning uchun u EEG (elektroensefalografiya) qurilmasidan foydalangan. Boshiga o‘rnatilgan sensorlar miya elektr faolligini qayd etadi, maxsus dastur esa oldindan o‘rgatilgan signallarni virtual geympad buyruqlariga aylantiradi. Har bir harakat uchun muayyan fikriy tasavvurdan foydalanilgan: tezlashish uchun katta toshni itarayotganini, sakrash uchun esa sakrayotgan chigirtkani tasavvur qilgan. Transport vositasiga chiqish buyrug‘i uchun esa g‘azablanish hissidan foydalangan. Yo‘nalishni boshqarishda ko‘z harakatlarini kuzatuvchi tizim (eye tracking) va bosh harakatlariga javob beruvchi giroskop ham yordam bergan. Miya-kompyuter interfeyslari (Brain-Computer Interface, BCI) qanchalik rivojlanayotganini ko‘rsatadigan qiziqarli tajriba bo'libdi Kelajakda bunday texnologiyalar, ayniqsa, qo‘l-oyoqlarini boshqarish imkoniyati cheklangan insonlarga kompyuter va boshqa qurilmalarni mustaqil boshqarishda katta yordam berishi mumkin. Science
Открыть в TelegramMusiqa miyamizga qanday ta'sir qiladi? Musiqa tinglayotganimizda miyamiz shunchaki tovushlarni eshitmaydi. Bir vaqtning o'zida xotira, diqqat, hissiyot, harakat va bashorat qilish bilan bog'liq bir nechta neyron tarmoqlar faollashadi. Miyamiz musiqaning davomini oldindan taxmin qilishga harakat qiladi. 2026-yilgi International Cancer Neuroscience Symposium tadbirida klassik musiqa jonli ijro etilgan. Bu oddiy konsert emas edi. Ijrochilar skripka, violonchel va pianino chalishgan. Shu bilan birga, tomoshabinlardan birining miya faoliyati EEG (elektroensefalografiya) orqali real vaqt rejimida kuzatilib, vizual ko‘rinishga keltirilgan Bu orqali musiqa tinglash jarayonida miyamizning faol ishlashi namoyish etilgan Masalan, tanish musiqani tinglayotganingizda, miya keyingi nota yoki musiqiy jumla qanday davom etishini oldindan taxmin qiladi. Kutilgan davomiylik yuz berganda yoki kutilmagan o‘zgarish sodir bo‘lganda, miya bunga turlicha javob qaytaradi. Musiqa miyaning mukofot tizimi bilan ham bog'liq. Ayniqsa, sevimli qo'shig'imizdagi eng ta'sirli qism kelganda dofamin ajralishi mumkin. Dofamin motivatsiya, kutish va zavqlanish jarayonlarida ishtirok etadi. Demak, musiqa tinglash - passiv jarayon emas. Unda xotira, diqqat, hissiyot, bashorat qilish va eshitish tizimlari birgalikda ishlaydi. Musiqa quloqlarimizga yetib boradi, lekin uning katta qismi miyamizda sodir bo‘ladi. Science
Открыть в TelegramSun’iy intellekt miyangiz ko‘rgan rasmlarni qayta yaratishni o‘rganyapti Sizga mushuk rasmi ko‘rsatildi. Miyangiz uni qayta ishlayotgan paytda bosh terisiga o‘rnatilgan elektrodlar EEG orqali elektr signallarini yozib oladi. Keyin sun’iy intellekt shu signallardan foydalanib, ko‘rgan rasmingizga o‘xshash tasvir yaratadi. Alljoined kompaniyasining ENIGMA modeli aynan shuni amalga oshiradi. Yangi foydalanuvchining miya signallariga moslashish uchun taxminan 15 daqiqa kifoya. Oldingi modellar esa buning uchun soatlab o‘qitishni talab qilgan. Tajribalarda model insonlarga ko‘rsatilgan tasvirlarni Laboratoriya qurilmasida 83% holatda. Oddiyroq, iste’molchi EEG qurilmasida 65% holatda to‘g‘ri tanitishga muvaffaq bo‘lgan. Model original rasmni aynan tiklamaydi, balki uning mazmunini - masalan, mushuk, meva yoki mebel ekanini aniqlab, o‘xshash tasvir yaratadi. Bir kun kelib miyamiz ko‘rgan narsalarni kompyuterga tushuntirish uchun ularni so‘z bilan ifodalashimiz ham shart bo‘lmasa-chi? Science
Открыть в TelegramBugungi kunda dunyo miqyosida oliy ta’limga erkaklarga qaraganda ko‘proq ayollar qabul qilinmoqda. 1970-yillarda, ayniqsa, boy davlatlardan tashqarida oliy ta’lim olish imkoniyati juda cheklangan edi. Universitetga kirish erkaklar orasida nisbatan ko‘proq uchrasa-da, umuman olganda, aholining juda kichik qismi oliy ma’lumot olardi. Keyingi o‘n yilliklarda vaziyat keskin o‘zgardi. Oliy ta’limga qabul qilish ko‘rsatkichlari har ikki jins vakillari orasida oshdi, biroq ayollar orasida bu o‘sish tezroq kechdi. 2000-yillar boshiga kelib, tarixiy nisbat o‘zgardi: ayollar oliy ta’limga qabul qilinish bo‘yicha erkaklardan o‘zib ketdi. Shundan beri bu tafovut yanada kengayib bormoqda. Bugungi kunda global ko‘rsatkichlar quyidagicha: Ayollar — 47% Erkaklar — 41% Bu tendensiya dunyoning aksariyat mintaqalarida kuzatilmoqda. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika bundan mustasno: boshqa barcha mintaqalarda ayollarning oliy ta’limga qabul qilinish darajasi erkaklarnikidan kam emas. Qizig‘i shundaki, bir necha avvalgi avlodlar uchun oliy ta’lim asosan erkaklar uchun ochiqroq bo‘lgan imkoniyat edi. Bugun esa global miqyosda vaziyat aksincha. Bu shunchaki raqamlarning o‘zgarishi emas. Ta’lim olish imkoniyatlari, jamiyatdagi gender rollari va ayollarning ijtimoiy-iqtisodiy mavqeida yuz bergan katta tarixiy o‘zgarishlarning ko‘rsatkichi. Science
Открыть в Telegram8 soat uyqu davomida miyamizda nimalar sodir bo‘ladi? Soat 23:00 da uxladingiz va ertalab 07:00 da uyg‘ondingiz. Shu 8 soat davomida miyangiz shunchaki dam olib yotmaydi. Aksincha, u bir necha marta turli faollik bosqichlaridan o‘tadi. Uyqu bir nechta bosqichlardan tashkil topgan va ular tun davomida taxminan 90-120 daqiqalik sikllar bilan takrorlanadi. 1. N1 - Uyquga ketish bosqichi Bu uyquning boshlang‘ich bosqichi. Miya faoliyati sekinlashadi, Alfa to‘lqinlari o‘rnini Teta to‘lqinlari egallay boshlaydi. Tana bo‘shashadi, ba'zida esa odam yiqilayotgandek his qilib, birdan cho‘chib ketishi mumkin. 2. N2 - Yengil uyqu Uyquning katta qismi aynan shu bosqichda o‘tadi. EEGda ikkita qiziqarli hodisa kuzatiladi: Sleep spindles - qisqa muddatli, tez elektr faolligi. Ular xotirani mustahkamlash va uyquni barqarorlashtirishda ishtirok etadi. K-complexes - katta amplitudali elektr signallari bo‘lib, tashqi ta'sirlarga javoban ham paydo bo‘lishi mumkin. 3. N3 - Chuqur uyqu Bu bosqichda Delta to‘lqinlari ustunlik qiladi. Ular sekin, ammo amplitudasi katta bo‘lgan miya to‘lqinlaridir. Bu vaqtda organizmning tiklanish jarayonlari, o‘sish gormoni ajralishi va immun tizimi faoliyati bilan bog‘liq jarayonlar muhim ahamiyat kasb etadi. Uyg‘onish ham ancha qiyinlashadi. 4. REM - Tushlar bosqichi Eng qiziqarli bosqichlardan biri. REM (Rapid Eye Movement) vaqtida miya faolligi uyg‘oqlik holatiga o‘xshab ketadi. Ko‘zlar yumilgan qovoqlar ostida tez harakatlanadi, tushlar esa ko‘pincha yorqin va esda qolarli bo‘ladi. Lekin bir paradoks bor: miya faol ishlayotgan bo‘lsa-da, skelet mushaklarining aksariyati vaqtincha deyarli harakatsiz holatda bo'ladi. Bu REM atoniyasi deb ataladi. Odatda bir kechada 4-6 ta uyqu sikli kuzatiladi. Lekin ularning tarkibi bir xil emas: - Tun boshida chuqur uyqu (N3) ko‘proq bo‘ladi. - Tongga yaqin REM bosqichlari uzayadi. - Har bir siklda uyqu bosqichlarining davomiyligi o‘zgarib boradi. Masalan, 8 soatlik uyquning taxminan 20-25 foizi REM, 20 foizga yaqini chuqur uyqu, qolgan katta qismi esa N2 bosqichiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Xullas, biz uxlayotganimizda ham miyamiz juda band bo'ladi). Xotiralarni qayta ishlash, organizmni tiklash va turli biologik jarayonlarni muvofiqlashtirish davom etadi. Science
Открыть в TelegramПереслано из Neomind
Cambridge Dictionary "Human" ya'ni "Inson" so'zini 2026-yil so'zi deb topibdi Bu yil uchun eng mos so'zlardan bir bo'lsa kerak. So‘nggi yillarda sun’iy intellekt matn yozish, rasm chizish, musiqa yaratish, ilmiy tadqiqotlarda qatnashish va hatto murakkab muammolarni hal qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ilgari faqat inson bajara oladi deb hisoblangan ko‘plab vazifalarni endi algoritmlar ham uddalayapti. Tabiiyki, ko'pchilikda savollar ham paydo bo'lgan. Cambridge Dictionary ta'kidlashicha sun’iy intellekt inson bo‘lish haqidagi tasavvurlarimiz va bu mavzuda ishlatadigan tilimizni ham o‘zgartirmoqda. Masalan, avvallari shunchaki "yozilgan matn" yoki "yaratilgan rasm" deyish yetarli edi. Hozir esa ularning inson tomonidan yaratilganini alohida ta’kidlash zarurati paydo bo‘lmoqda. Sun'iy intellekt asrida haqiqiy inson bo'lish nima ekanini tushunish, mustaqil fikrlash, his qilish va ijodkorlik nima ekanini anglash muhim
Открыть в TelegramTonometr qon bosimini qanday o‘lchaydi? Qon bosimini o‘lchashda tonometr manjetkasi qonni tomir bo‘ylab itarib yubormaydi. Aksincha, u arteriyani vaqtincha siqib, qon oqimini to‘xtatadi. Keyin esa havo asta-sekin chiqarilib, qon oqimining qayta tiklanishi eshitiladi. 1. Dastlab arteriya siqiladi Manjetkaga havo yuboriladi va bosim arteriya ichidagi bosimdan yuqori darajaga ko‘tariladi. Natijada yelka arteriyasi (a. brachialis) vaqtincha to‘liq yopiladi. Bu paytda stetoskop orqali hech qanday tovush eshitilmaydi. 2. Sistolik bosimni aniqlash. Manjetkadagi havo asta-sekin chiqariladi. Bosim arteriyadagi sistolik bosimdan pastga tushganda, yurakning har bir qisqarishida qon siqilgan joydan qisqa muddatga o‘ta boshlaydi. Hosil bo‘lgan turbulent oqim Korotkov tovushlarini keltirib chiqaradi. Birinchi eshitilgan tovush - sistolik bosim. 3. Diastolik bosimni aniqlash. Manjetka bosimi yana pasayganda arteriya to‘liq ochiladi va qon oqimi yanada erkinlashadi. Turbulentlik va Korotkov tovushlari yo‘qoladi. Tovushlarning yo‘qolish nuqtasi - diastolik bosim. Diastolik bosim - yurak bo‘shashib, qorinchalari qon bilan to‘layotgan paytda arteriyalarda saqlanib turadigan bosimdir. Yurak bo‘shashgach, aortaga qon haydash vaqtincha to‘xtaydi. Lekin aorta devorlari avvalgi holatiga qaytishga intiladi va qisqarib, qonni periferik tomirlarga haydashda davom etadi. Bu hodisa Windkessel effekti deb ataladi. Masalan, tonometr 120/80 mmHg ko‘rsatsa: 120 - sistolik bosim; 80 - diastolik bosim. Demak, tonometr qonni itarib harakatlantirmaydi. U arteriyani vaqtincha siqadi va qon oqimi qayta tiklanayotganda paydo bo‘ladigan tovushlar orqali bosimni aniqlaydi. Science
Открыть в TelegramMing yillik o‘sish va so‘nggi asrdagi demografik portlash Insoniyat tarixiga nazar tashlasak, dunyo aholisi uzoq vaqt davomida juda sekin ko‘payganini ko‘ramiz. Ming yillar davomida tug‘ilish yuqori bo‘lgan bo‘lsa-da, kasalliklar, ocharchilik, urushlar va bolalar o‘limining ko‘pligi aholi sonining tez o‘sishiga to‘sqinlik qilgan. Masalan, eramizning V asri boshlarida dunyo aholisi taxminan 250 million kishini tashkil etgan. 500 millionga yetishi uchun esa XV asrning o‘rtalarigacha kutishga to‘g‘ri kelgan. Ya’ni insoniyat soni ikki baravar ko‘payishi uchun ming yildan ortiq vaqt kerak bo‘lgan. Ammo keyinchalik vaziyat keskin o‘zgardi. XX asrda insoniyat tarixidagi eng katta demografik o‘sish yuz berdi. 1950-yilda dunyo aholisi taxminan 2,5 milliard edi. 1986-yilga kelib esa bu raqam 5 milliardga yetdi. Atigi 36 yil ichida insoniyat soni ikki baravar ko‘paydi. 1963-yilda esa aholi o‘sishining yillik sur’ati tarixiy maksimumga - 2,3 foizga yetgan. Asosiy sabablardan biri tibbiyot va sanitariya sohasidagi rivojlanish edi. Vaksinalar, antibiotiklar, toza ichimlik suvi, yaxshilangan oziq-ovqat ta’minoti va tibbiy xizmat tufayli o‘lim darajasi sezilarli kamaydi. Odamlar uzoqroq yashay boshladi, ayniqsa bolalar o‘limi keskin pasaydi. Dastlab tug‘ilish darajasi yuqoriligicha qolganligi sababli aholi juda tez ko‘paydi. Keyinchalik esa ta’lim darajasining oshishi, urbanizatsiya, oilalarni rejalashtirish va ayollarning ijtimoiy hayotdagi ishtiroki kengayishi bilan tug‘ilish ko‘rsatkichlari ham pasaya boshladi. Bugun esa yangi demografik bosqichga kiryapmiz. Dunyo aholisi o‘sishda davom etmoqda, ammo bu jarayon avvalgidek tez emas. BMT prognozlariga ko‘ra, 2080-yillarning o‘rtalarida dunyo aholisi taxminan 10,3 milliard kishiga yetishi va asr oxirigacha shu atrofda qolishi kutilmoqda. Ayrim mamlakatlarda tug‘ilish darajasi aholining tabiiy ravishda o‘zini tiklash darajasidan ham pastga tushgan. Insoniyat tarixida avval asosiy muammo odamlarning omon qolishi va o‘lim darajasining yuqoriligi bo‘lgan bo‘lsa, bugun ko‘plab mamlakatlar aholining qarishi, tug‘ilishning kamayishi va mehnatga layoqatli aholi qisqarishi bilan yuzlashmoqda. Atigi bir necha avlod ichida insoniyat ming yillar davomida kuzatilmagan darajada ko‘paydi. Endi esa biz bu o‘sishning sekinlashishiga guvoh bo‘lyapmiz. Science
Открыть в TelegramQiziqishmi yoki pul mukofoti? Miya ma’lumotni qanday yaxshiroq eslab qoladi? Biror narsani o‘rganishga bizni nima undaydi: unga bo‘lgan qiziqishmi yoki buning evaziga oladigan mukofotimizmi? Fransiyalik olimlar aynan shu savolga javob topish uchun bir nechta tajriba o‘tkazishibdi. Tadqiqotda 147 nafar ko‘ngilli ishtirok etgan. Ularga turli mavzularga oid faktlarni eslab qolish vazifasi berilgan. Masalan, Fransiya qirollarining qancha vaqt hukmronlik qilgani yoki ayrim hayvonlarning nechta tishi borligi kabi ma’lumotlar. Ishtirokchilarning bir qismida mavzuga bo‘lgan qiziqish, boshqalarida esa to‘g‘ri javob uchun pul mukofoti asosiy motivatsiya bo‘lgan. Natijalarga ko'ra, odamlar o‘zlari qiziqqan ma’lumotlarni ham, pul mukofoti va’da qilingan ma’lumotlarni ham yaxshiroq eslab qolishgan. Ammo bu ikki holatda miyaning ishlash mexanizmi bir xil bo‘lmagan. Qiziqish va mukofot miyaga turlicha ta’sir qiladi. Olimlarning fikricha, qiziqish insonning diqqatini ma’lumotga tabiiy ravishda jalb qiladi. Bunda o‘rganishning o‘zi yoqimli jarayonga aylanadi. Pul mukofoti esa odamni vazifani yaxshiroq bajarish uchun qo‘shimcha aqliy kuch sarflashga undaydi. Buni tekshirish uchun tadqiqotchilar ishtirokchilarning ko‘z qorachig‘i diametrini ham kuzatishgan. Ma’lumki, ko‘z qorachig‘ining kengayishi ayrim vaziyatlarda aqliy zo‘riqish va kognitiv harakatning fiziologik belgisi bo‘lishi mumkin. Qiziqarli ma’lumotlarni o‘rganish jarayonida xotira yaxshilangan bo‘lsa-da, ko‘z qorachig‘ida sezilarli kengayish kuzatilmagan. Pul mukofoti berilgan vaziyatlarda esa bunday kengayish ham qayd etilgan. Demak, qiziqish va tashqi rag‘bat xotirani yaxshilashga yordam berishi mumkin, lekin bunga turli yo‘llar bilan erishadi. Bu tadqiqot o‘rganishga bo‘lgan munosabatimiz haqida o‘ylashga undaydi. Masalan, biror kitobni shunchaki mavzusi sizga qiziq bo‘lgani uchun o‘qisangiz, uning mazmuniga tabiiy ravishda sho‘ng‘ib ketasiz. Ammo uni faqat imtihondan o‘tish, pul topish yoki boshqa mukofot uchun o‘qisangiz, o‘zingizni ko‘proq harakat qilishga majburlashingiz mumkin. Albatta, bu mukofotlar foydasiz degani emas. Ular ham motivatsiyani oshirishi mumkin. Lekin uzoq muddatli o‘rganishda mavzuga bo‘lgan ichki qiziqishning o‘rni alohida. Balki shuning uchun ham inson o‘zi chin dildan qiziqqan narsasini o‘rganayotganda vaqt qanday o‘tganini sezmay qoladi. Science
Открыть в TelegramMaryam Mirzakhani 1977-yilda Eronning Tehron shahrida tug‘ilgan. U bolaligidan matematikaga alohida qobiliyat ko‘rsatgan. Maktab davridayoq matematik olimpiadalarda qatnashib, katta yutuqlarga erishgan. 1994-yilda Xalqaro matematika olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan. Bir yil o‘tib, 1995-yilda yana shu musobaqada g‘olib bo‘lgan va bu safar maksimal 42 ballning barchasini to‘plagan. Maryam keyinchalik dunyoning eng nufuzli matematiklaridan biriga aylandi. 2014-yilda u matematika sohasidagi eng nufuzli mukofotlardan biri - Fields medaliga sazovor bo‘ldi. Bu mukofot ko‘pincha matematikaning Nobel mukofoti deb ataladi. U tarixda bu mukofotni olgan birinchi ayol bo‘ldi. U juda murakkab matematik muammolarni yechgan. Uning ishlari geometrik obyektlarning tuzilishi, ularning qanday o‘zgarishi va murakkab fazolarning xususiyatlarini chuqurroq tushunishga yordam berdi. Uning hayoti ilm-fanda iste’dodning o‘zi yetarli emasligini, qiziqish, izlanish va murakkab savollar ustida tinimsiz ishlash ham naqadar muhimligini eslatadi. U 2017-yilda, 40 yoshida ko‘krak bezi saratonidan vafot etdi. Uning matematikaga qo‘shgan hissasi bugungi kungacha o‘rganiladi. Science
Открыть в TelegramMusiqa bilan shug‘ullanadigan bolalar intellekt, ishchi xotira va o‘qish bo‘yicha testlarda yuqoriroq natija ko‘rsatadi. Yangi tadqiqotda 7–9 yoshli 175 nafar bola haqidagi ma’lumotlar tahlil qilingan. Ulardan 38 nafari musiqa asbobini chalgan va haftasiga kamida 30 daqiqa mashq qilgan. Ko‘pchiligi pianino, qolganlari esa skripka, violonchel, gitara kabi asboblarda shug‘ullangan. Musiqa bilan shug‘ullangan bolalar bir nechta kognitiv testlarda, jumladan, umumiy intellekt, verbal tushunish, fazoviy fikrlash va ishchi xotira bo‘yicha yuqoriroq natijalarga erishgan. Ular o‘qish, matematika va yozma nutq bo‘yicha akademik testlarda ham yaxshiroq ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan. Buning miyadagi izlari ham bo‘lishi mumkin. Tadqiqotchilar MRI yordamida miyaning oq moddasini ham tekshirishgan. Ayniqsa, arcuate fasciculus deb ataladigan nerv tolalari tutami qiziqish uyg‘otgan. Bu tuzilma eshitish, nutq va til bilan bog‘liq miya hududlarini o‘zaro bog‘laydi. Musiqa bilan shug‘ullangan bolalarda ushbu yo‘lning o‘ng yarimshardagi ayrim qismida farq kuzatilgan. Biroq statistik tuzatishlardan keyin bu farq ishonchli darajada saqlanib qolmagan. Demak, musiqa bilan shug‘ullanish nafaqat eshitish va ritmni his qilish, balki boshqa kognitiv qobiliyatlar bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Science
Открыть в TelegramIssiq xona nafaqat uyquni, balki ertangi kundagi unumdorligimizni ham pasaytirishi mumkin. Avstriyalik tadqiqotchilar tungi xona harorati, uyqu sifati va kunduzgi unumdorlik o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishdi. Odamlar odatdagidan issiqroq xonada uxlagan kechalardan keyin uyqu sifati yomonlashgan, ertasi kuni esa o‘zlarini kamroq samarali va diqqatini jamlashda qiynalayotgan holda his qilishgan. Tadqiqotchilar uyquni Oura Ring, yurak urishi va faollikni esa Apple Watch orqali kuzatishgan. Jami 1189 kechaning ma’lumotlari tahlil qilingan. Tadqiqotda yotoqxonalardagi o‘rtacha harorat 24°C bo‘lgan. Demak, yaxshi uyqu uchun faqat necha soat uxlaganimiz emas, qanday sharoitda uxlaganimiz ham muhim. Science
Открыть в Telegram