SÖZONA
1
Bir uyur sözlarni kördim gazetda,
surat bu – kölmak.
Suvlagani kelgandi otlar…
Yoldor ayğirlar,
qorabayirlar,
töriq qaşqalar
yuk tortib ketardi
sarlavha tomon.
Gijinglab turardi toyçoqlari ham,
katta harflarning yonida taqa(.)
Bu qaysingniki?
Söraşga vaqt yöq!
Sökinadi tirelar uzun:
Sarlavha ayyor,
sarlavha olçoq,
sarlavha xoin!
2
Bir gal sovuq şifoxonda
kördim –
osma olardi
şiftga termulib ma’yus
buvam davridan qolgan söz.
Hali u gazet,
hali u minbar,
hali u konsert
çaynab taşladi
bu mehnat faxriysini.
3
Bir söz
yölçiroq yonida öranib,
töxtagan moşindan tilaydi himmat,
özligini unutib.
Bu dunyoda baridan toza,
Bu dunyoda baridan aziz,
Bu dunyoda baridan qimmat,
Sözligini unutib.
Uvaysiyning qölidan öpgan,
Nodiraning tilidan öpgan,
Ma’sumalik yölida ungan,
Mahzunaga singil tutingan,
zarifgina,
harirgina söz,
qöllaringni şe’rlarimga çöz.
4
Mana bu – yuzsiz söz!
Ana u – tuzsiz söz!
Men uni körgandim
Qadimgi Rimda
oppoq togada
kiborlik ila
hukumatga qilardi xizmat.
Xiyol toza,
xiyol aftoda,
öz burçini bilardi qisman.
Bunisi
al-misoq kunidan beri bor,
(söz berganmiz öşanda axir!)
Otilgan öqlarni…
Zinhor va zinhor…
Baribir!
Bu esa
sopol kosaga
qon quyib,
jon quyib,
oxirida imon quyib,
sarbadorlar içgan öşa ond!
Bunisimi?
Turişidan ma’lumku özi,
Amir Husaynning va’dasi – sözi...
Bu –
mağribdan maşriqqa
maşriqdan mağribga
qatnagan farmonlar
ustiga bosilgan muhrning sözi –
Amir Temurning sözi.
5
Badqovoq sözlar,
yumaloq sözlar,
mömiyolangan sözlar
Misr ehromlariga qapişib uxlar.
Duolar ğudraydi maygun kosada.
Nidolar mudraydir Mohi Xossada.
Sulaymon payğambar uzugin
içida,
taşida
sözlar bor,
hikmat taşigan.
6
Bu söz – piçoq,
tiği tömtoq,
uslubi nönoq.
Uni ming yillardan buyon
taxtaga mixlaydi namoyişçilar.
Har gal bu sözning
qölini qayirib,
burnini qonatib,
ustidan suv sepib,
mahkamaga tortar
saroy zobitlari.
Ammo har safar
yomğirdan keyin
bodrab çiqaverar erinmagan söz…
7
Bunisi – “Iqro”.
Şahriyor Şavkat
2021