Eng keng tarqalgan xatolardan biri - individual tajribani umumiy qonuniyat bilan adashtirish bo‘lsa kerak.
Masalan, "Bobom 90 yoshgacha chekdi, saraton bo‘lmadi" degan gapni tez-tez eshitamiz. Lekin bitta insonning tajribasi chekishning xavfliligini ko‘rsatuvchi statistik ma'lumotlarni rad eta olmaydi
"Bir tanishim universitetni tashlab, millioner bo‘ldi" - bu universitetni tashlash muvaffaqiyat ehtimolini oshirishini anglatmaydi.
"Men vaksina oldim, lekin baribir kasal bo‘ldim" - bu vaksina samarasiz degani emas.
Statistika alohida insonning taqdirini bashorat qilmaydi. U katta guruhlardagi tendensiyalar, ehtimolliklar va xavf darajalarini ko‘rsatadi.
Odamlar ko‘pincha o‘zlari ishonishni xohlagan xulosani tasdiqlaydigan misollarni eslab qolishadi, unga zid bo‘lganlarini esa e'tiborsiz qoldirishadi. Bu confirmation bias ya'ni tasdiqlash xatosi bilan ham bog‘liq.
Agar sodda qilib tushuntirsam, tasavvur qiling, 100 ta chekadigan va 100 ta chekmaydigan odamni uzoq muddat kuzatdik. Faraz qilaylik, chekuvchilarning 70 tasida, chekmaydiganlarning esa 10 tasida o‘pka saratoni rivojlandi.
Bunday vaziyatda ayrim odamlar chekuvchilarning saraton rivojlanmagan 30 nafariga e'tibor qaratadi, ammo saraton rivojlangan 70 nafarini unutadi. Ammo, umumiy statistik manzara aynan shu ikki guruhni birgalikda hisobga olgandagina ko‘rinadi.
Yoki universitetni tashlab ketib, boyib ketgan insonlar hikoyasini olaylik. Bundaylar bor, albatta, lekin ular sanoqli. Xuddi shunday universitetni tashlab, muvaffaqiyatsizlikka uchragan, moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan son-sanoqsiz odamlar haqida esa deyarli hech kim gapirmaydi. Bu yerda "omon qolganlar xatosi" ishlaydi.
Bundan tashqari, oliy ta'lim olgan insonlar orasida ham juda ko‘p muvaffaqiyatli kishilar bor. Lekin bizning e'tiborimiz ko‘pincha bir nechta mashhur "omon qolganlar"ga qaratiladi.
Yana bir misol, qarindoshingga uylanma yoki turmushga chiqma, desak, "Ana, qo‘shnimiz qarindoshiga uylangan, bolalari soppa-sog‘" degan javobni eshitamiz.
Ha, bunday bo‘lishi mumkin. Lekin bir oilada sog‘lom farzandlar tug‘ilgani qarindoshlar o‘rtasidagi nikohda genetik xavf yo‘qligini anglatmaydi. Yaqin qarindoshlar bir xil retsessiv genetik variantni tashish ehtimoli yuqoriroq bo‘ladi. Bu esa ayrim irsiy kasalliklarning farzandlarda namoyon bo‘lish xavfini oshiradi. Har bir oilaning individual holati boshqacha, ammo statistik xavfni bitta qo‘shnining tajribasi bilan inkor qilib bo‘lmaydi. Qo'shning statistik ehtimoldan omon qolganligi, sening ham omon qolishingni kafolatlamaydi.
Vaksina masalasida ham xuddi shunday. "Qo‘shnimning bolasi vaksina olmagan, mana otday yuribdi" yoki "Qo‘shnimning bolasi vaksina olgandi, mazasi qochib qoldi, demak vaksina yomon" degan gaplarni eshitamiz.
Ha, vaksinalar ham ba'zi holatlarda nojo‘ya ta'sirlar keltirib chiqarishi mumkin. Lekin bu hammada shunday bo‘ladi degani emas. Muhimi, vaksinaning mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta'sirlari bilan emlanmaslik natijasida kasallanish va uning asoratlariga duch kelish xavfini solishtirish kerak. Vaksina olmasdan kasal bo'lish ehtimoli ancha yuqori.
Statistika aynan shunday ishlaydi. Alohida holatlarga emas, balki katta guruhlardagi umumiy manzaraga qarash kerak.
Bitta insonning tajribasi statistik haqiqatni o‘zgartirmaydi. Istisnolar har doim bo‘ladi, lekin istisnolarni qoida deb qabul qilish katta xato. Shuning uchun biror hodisaga baho berayotganda umumiy statistik ma'lumotlar nima deydi? deb o‘ylashimiz kerak. Chunki haqiqat odatda bizga tanish bo‘lgan bir nechta misolda emas, balki butun manzarada yashiringan bo'ladi
"Don't Look Up" filmini yana bir bor ko'rishga sabab bor endi)