O‘zbekistonda gaz bilan nima bo‘lyapti? (1/2)
14-noyabr kuni Toshkentning ko‘plab hududlarida tabiiy gaz bosimi pasaydi. Energetika vazirligi shahar gaz tarmoqlariga kirish qismida gaz yetkazib berish hajmi oshirilganini ma’lum qildi va gaz ta’minotini tiklashga va’da berdi.
Ammo muammo gaz bosimining vaqtincha pasayishidan ancha chuqurroq. Vaziyatni qanday tushunayotganimni izohlashga harakat qilaman.
1. Nega gaz bosimi pasaydi?
O‘zbekistonning har bir hududi uchun gaz iste’moli bo‘yicha muayyan limitlar belgilanadi. Hududiy gaz taqsimlash tarmoqlariga gaz yetkazib berish hajmi shu limitlar asosida tartibga solinadi.
Ammo amaldagi iste’mol rejalashtirilgan hajmdan oshib ketishi mumkin. Toshkentdagi vaziyatga qaraganda, aynan shunday bo‘lgan. Shaharda mavsumiy iste’molchilarga (sanoat korxonalari, issiqxonalar va boshqa obyektlarga) gaz yetkazib berishni cheklashmagan. Natijada iste’mol belgilangan hajmdan oshib ketgan va taqsimlash tarmoqlarida bosim pasaygan. Birinchi navbatda gaz quvurlarining oxirgi qismlariga ulangan aholi zarar ko‘rgan.
Vaziyatni o‘nglash uchun poytaxtga gaz yetkazib berish hajmi oshirildi. Ammo bu yerda bir jihat bor: qo‘shimcha gaz o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmaydi. Agar gaz yetishmayotgan bo‘lsa, bir hududga yetkazib berishni ko‘paytirish boshqa hududlar hisobidan amalga oshirilishi mumkin.
Gaz qazib olinadigan asosiy hududlar O‘zbekistonning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy qismida joylashgan. U magistral gaz quvurlari orqali mamlakatning markaziy va sharqiy hududlariga yetkaziladi. Farg‘ona vodiysiga olib boruvchi asosiy yo‘nalishlardan biri Yangiyer, Ohangaron va Qamchiq dovoni orqali o‘tadi. Boshqa magistral quvurlar, shuningdek, yerosti gaz omborlari ham mavjud.
Ammo yo‘l-yo‘lakay ayrim hududlar belgilangan limitdan ortiq gaz iste’mol qilsa, nima bo‘ladi?
Gaz yetishmovchiligi va quvurlarning o‘tkazish quvvati cheklangan sharoitda tizimning keyingi qismlarida zarur bosimni ta’minlash qiyinlashadi.
Shu sababli menda Farg‘ona vodiysidagi muammolarning bir qismi (gaz taqchilligidan eng ko‘p aziyat chekadigan hududlardan biri) gazning hududlar o‘rtasida taqsimlanishi bilan bog‘liq, degan taxmin bor. Gaz qanday taqsimlanishini tushunish uchun har bir hudud bo‘yicha limitlar va amaldagi iste’mol hajmlarini bilish kerak. Ammo bu ma’lumotlar e’lon qilinmaydi.
2. Nega gaz tobora kamayib bormoqda?
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib olish hajmi 16,4 foizga kamayib, 27 mlrd kub metrni tashkil etdi. 2024-yilning shu davriga nisbatan pasayish qariyb 17 foizni tashkil qildi.
Mamlakat import gaziga tobora ko‘proq qaram bo‘lib bormoqda. Hali 2024-yil yanvarida O‘zbekiston qanday qilib gazning sof eksportchisidan sof importchisiga aylangani haqida yozgan edim. Hozir gazni Rossiya va Turkmanistondan sotib olyapmiz (hajm bo‘yicha taxminan 70 va 30 foiz).
Ammo nega umuman shunday vaziyatga tushib qoldik? Axir bundan bir necha yil oldin davlat gaz qazib olishni ko‘paytirish dasturlariga milliardlab dollar ajratgan edi-ku. Shu o‘rinda men 2023-yilda batafsil yozgan voqeani eslash kerak.
2023-yil fevralida «Ozodlik» O‘zbekiston neft-gaz sohasidagi shaffof bo‘lmagan shartnomalar haqida katta surishtiruv e’lon qildi. Jurnalistlar ichki hujjatlarni, jumladan, mamlakat rahbariyati uchun tayyorlangan idoralararo ishchi guruh hisobotini o‘rganishgan.
Ushbu hisobotga ko‘ra, gaz qazib olishni ko‘paytirish dasturini amalga oshirishda yirik pudratchilardan birining birinchi bosqichdagi ishlari qiymati qariyb 400 mln dollarga oshirib ko‘rsatilgan. Bu faqat bitta pudratchi bilan bog‘liq holat. U yerda esa adashmasam 16 taga yaqin yirik loyiha bo‘lgan va ularning barchasida qandaydir muammolar aniqlangan. Bu yerda 54 million dollarlik yana bir yangi holat ham bor.
Surishtiruvda shaffof bo‘lmagan kelishuvlar, o‘zaro bog‘liq kompaniyalar, kreditlar va gaz sotish sxemalari haqida ham so‘z yuritilgan. Ular orqali katta mablag‘lar qarzlarga xizmat ko‘rsatish va pudratchilarga haq to‘lashga yo‘naltirilgan.
Shu yerda milliardlab dollarlik investitsiyalar samaradorligi haqida savollar tug‘iladi. O‘sha paytda qancha mablag‘ samarasiz sarflangan va bu pullarga yana nechta qo‘shimcha quduq qazish mumkin edi?
Bu mablag‘larni geologiya-qidiruv ishlariga yo‘naltirib, yangi konlarni topish va gazning potensial zaxiralarini ko‘paytirish mumkin edi. Yoki yo‘qotishlar va uzilishlarni kamaytirish uchun tarmoqlarni modernizatsiya qilishga sarflash mumkin edi.
2024-yil dekabrida prezident huzuridagi yig‘ilishda ham sohaning asosiy muammosi sifatida ko‘p yillar davomida geologiya-qidiruv ishlariga yetarlicha e’tibor berilmagani aytilgan. Natijada ayrim konlarning zaxiralari deyarli tugagan, boshqalarining samaradorligi esa pastligicha qolmoqda.
Qarorlarning oqibatlari darhol bilinmaydi. Bugun investitsiyalar, qurilgan obyektlar va qazilgan quduqlar haqida hisobot berish mumkin. Ammo bir necha yildan keyin gaz qazib olish baribir kamaygani, zaxiralar tugab borayotgani va gazni chetdan sotib olishga to‘g‘ri kelayotgani ma’lum bo‘ladi.
Oxir-oqibat, bu xatolarning barchasi uchun iste’molchilar haq to‘laydi.
3. Gaz qayerga sarflanyapti?
Tabiiy gaz O‘zbekiston energetika tizimining asosi bo‘lib qolmoqda. JICA tadqiqotiga ko‘ra, 2024-yilda mamlakat umumiy energiya ta’minotining 84 foizi gaz hissasiga to‘g‘ri kelgan. Gaz elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarish, uylarni isitish, sanoat korxonalari hamda transport faoliyati uchun ishlatiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston iqtisodiyotining energiya sig‘imi yuqori: xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha bir birlik YAIM yaratish uchun mamlakat Yevropaga qaraganda taxminan to‘rt baravar, jahon o‘rtacha ko‘rsatkichiga nisbatan esa qariyb bir yarim baravar ko‘p energiya sarflaydi (2022-yil ma’lumotlari). Ekspertlar energiya samaradorligining pastligini, jumladan, sanoatdagi eskirgan uskunalar va infratuzilma bilan bog‘lamoqda.
Endi tabiiy gazni qanday sarflayotganimizga to‘xtalsak (bundan keyingi ma’lumotlar 2024-yilga oid).
Eng katta ulush – qariyb 29 foiz – gazdan elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan issiqlik elektr stansiyalari (IES) hamda issiqlik elektr markazlariga (IEM) yo‘naltiriladi. Elektr energiyasi ishlab chiqarishning taxminan 60–65 foizi gaz hissasiga to‘g‘ri keladi, qolgan qismi esa qayta tiklanuvchi energiya manbalari, GESlar va qisman ko‘mir hisobidan ta’minlanadi. So‘nggi yillarda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurilishi hisobiga gazning bu ulushi kamaymoqda.
Aholi gazning taxminan 24 foizini, sanoat esa 14 foizini iste’mol qiladi. O‘zbekistondagi metan zapravkalariga yiliga qariyb 4,8–5 mlrd kub metr gaz to‘g‘ri keladi. Bu mamlakatning yillik gaz iste’molining taxminan o‘ndan bir qismi.
Gap faqat yengil avtomobillar va taksilar haqida ketmayapti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu hajmlarning qariyb yarmi katta yuk mashinalari va boshqa og‘ir transport vositalariga to‘g‘ri keladi.
Shu yo‘nalishda gaz iste’molini sezilarli qisqartirishimiz mumkin edi. Agar elektromobillarni, jumladan, utilizatsiya yig‘imi va turli to‘siqlar orqali o‘z qo‘limiz bilan qimmatlashtirmaganimizda. Nega bu yig‘imni bekor qilib, elektr transportini arzonroq va hammabop qilmaymiz? Nega odamlarni benzin va metanda yuradigan avtomobillardan elektromobillarga o‘tishga rag‘batlantirmaymiz?
Aytgancha, issiqxonalarga gazning 1 foizdan ham kamrog‘i sarflanardi. Ammo shu hajmni tejash uchun 2022–2023-yillardan boshlab ularni ko‘mirga o‘tkazish bo‘yicha keng ko‘lamli kampaniya boshlandi. Bu tashabbus uchun bir necha yildan beri sog‘lig‘imiz bilan haq to‘layapmiz.
@latipovuzb