Hamkorlikda insonlar xatolarini ularga adekvat tushuntirilganida (!) o‘zini tutishiga qarab, taxminan quyidagi turlarga bo‘linadi: 1. Arazlab oladiganlar (nartsistik tip). Eshitmaydi, xatosini tan olmaydi, tuzatmaydi. Aksincha, aybni o‘zingizga ag‘daradi. Bundaylar bilan hamkorlik qilish — energiyangizni so‘rib, evaziga hech narsa bermaydigan jarayon. 2. ChatGPT bilan maslahatlashib, javob beradiganlar. Sizni tinchlantiradigan, chiroyli va'dalar beradi. Ammo amalda hech narsa o‘zgarmaydi. Chunki va'dani ChatGPT bergan, uni yuborgan inson emas. 3. Avval isterika qiladigan, aybini to‘liq tan olmaydigan, ammo, tuzatadiganlar. Odatda ertasi kunidan xatosini tuzatadi. Bundaylar bilan ishlash energiyangizning kamida 50 foizini oladi. Natijada ish samaradorligi ham pastroq bo'ladi. 4. Madaniyat doirasida o‘zini oqlasa-da, xatosini tan olib, tuzatadiganlar. Bunday insonlarni topish mumkin. Ular muloqot madaniyatini saqlagan holda natija uchun mas'uliyatni ham zimmasiga oladi. 5. Indamay eshitadigan, uzr so‘raydigan va xatosini tuzatadiganlar. Jonim qurbon shularga! ❤️ Boshqa gapim yo'q! P.S. Yuqoridagi kategoriyalar ayollarga unchalik taalluqli emas. Biz istagan vaqtimiz arazlab, istaganimizda isterika qilamiz. 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramПосты канала Arofat malim | Ta’limning Nigorasi
Badavlat yigitlar boylikning o‘zi insonga qiymat bera olmasligini tushunganida… Chiroyli yigitlar ko‘rkam jasadning o‘zi tanlovga sabab bo‘la olmasligini anglab yashaganida… Qizlar yigitlardan ham moliyaviy barqarorlikni, ham shaxsiy fazilatlarni kutganida, ayni paytda o‘zlari ham muntazam ravishda o‘z ustida ishlaganida… Qo‘zal bir jamiyat bo‘lardik! Bu bolalar tezroq ulg‘aysin endi. 😊 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramO‘smirlarni darsda betartib, betayin, hech narsaga qiziqmaydigan deb o‘ylaysizmi? Demak, siz jamiyatdagi vaziyatlar haqida savol berganingizda ularning qanchalik jiddiy tortib qolishini, mas’uliyat va mulohaza bilan fikr bildirishini ko‘rmagansiz. Darsning tanishuv qismida bir qiz: "Pulni yomon ko‘raman", deb yozibdi. Shundan so‘ng o‘quvchilarga: — Qizlar faqat pul va boylikka qarab turmush o‘rtoq tanlayapti, deyishyapti. Chindan ham shundaymi? Sizningcha, bu to‘g‘rimi? — deb savol berdim. Burchakda o‘tirgan, sertabassum, chiroyli yigit jiddiy tortib: — Hamma narsa oxir-oqibat pulga borib taqaladi. Yigit kishi yaxshi pul topishi kerak, — dedi. Hududdagi eng badavlat oilaning uchta singlisi bor o‘g‘li esa: — Boyligiga qaramaslik kerak. Insonning qandayligiga qarash kerak, — dedi. — Aka sifatida aytyapsizmi yoki yigit sifatida? — deb so‘radim. — Ikkalasi ham, — dedi u. Sinfdagi eng yaxshi o‘qiydigan qiz esa: — Yigit yaxshi pul topishi kerak, lekin unga boyligiga qarab baho bermaslik kerak, — dedi. Darsda mazmundan ko‘ra shaklga ko‘proq e’tibor berishimiz bizni eng muhim narsadan — bolalarning ichki dunyosi va fikrlaridan — bebahra qoldiradi. Darsni hayot va amaliyot bilan bog‘lash esa unga doim jon kiritadi. Butun sinf jonlanib ketdi. Hamma nimadir demoqchi. Munozara shu qadar qizg‘in ediki, ish yuzasidan darsimizga kelgan rahbariyat va mehmonlar bizdan: — Darsingizni bo‘lib qo‘ymadikmi? — deb so‘rashganida! — BO‘LDINGIZ! — deb g‘azab bilan javob berdik. 😁 P.S. Informatika darsi edi. Bo‘sh qolgan sinfga kirgandim. @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramQadriyat. Ba’zan sening qiymating voz kecha olgan narsang darajasi bilan o‘lchanadi. Ishda rahbaringning kamsitishlariga chidaysanmi? Demak, sening narxing maoshingga teng. Manfaat uchun do‘stingning ko‘ziga qarab turib, uning ko‘ksiga tepdingmi? Demak, sening narxing o‘sha manfaat qiymaticha. Voz kecha oldingmi? Demak, sen voz kechgan narsangdan qiymatliroqsan. Haqiqiy qadriyat — nimadandir ayrilish emas, nimaning evaziga nimani saqlab qolayotganingni anglashdir... @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramAvvaliga hurmat haqida to‘lqinlanib gaplashasizlar. Keyin mavzu ishonchga taqaladi. — Ishonaman! — deysiz siz. U esa: — Ketdik, shashlikxonaga! — deydi. Lekin siz yaxshi bilasiz: u yerda qo‘ra bor, six bor, pichoq bor, ammo go‘sht yo‘q... Go‘shtni qayerdan olishini taxmin qildingiz... Savol berish esa ishonchsizlik belgisi. Xo‘sh, endi nima qilasiz? Bu postni shashliksevar do‘stingizga yuboring. Menikiga ham yetib borsin! 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramBirnarsa Boshqanarsayevichdan xabar kelibdi: "Opa, sizni yaxshi ko‘rib qoldim. Hayotimda nursiz. Tez-tez ko‘rinib turing". Oxirida esa: "Ayol kishiman, opa". Baxtiyorman, tabiiyki! Lekin, nimaga unaqa qilasizlar, qizlar? Profilingizga o‘z ismingizni yozsangiz, birov ismingizga mo‘ylov chizib ketadimi? (Yo‘q, issiq-sovuqqa ishonmayman) Faqat farzandining rasmini qo‘yadigan ayollar ham bor. Tug‘gan farzandingiz mavjud, siz mavjud emasmisiz? "Erim rashk qiladi", deb o‘ylaysizmi? Men esa siz begona odamlar bo‘lgan ko‘chaga chiqasiz, oilangiz uchun pul ham topasiz, deb o‘ylayman. Yo rashk faqat onlayn ishlarmikan? Yigitlar ham bor: o‘zidan obro‘liroq kim bilandir tushgan suratini profiliga qo‘yadi. Siz u insonsiz odam emasmisiz? Prezidentdan medal olayotganingiz surati bo‘lsa, mayli edi. Bo‘sh manzaralarning rasmini qo‘yadiganlar bor. Sizlarni kimdir topolmay yuribdimi? Topsa nima qiladi? Aslida shunchaki borligingizning o‘zi faxr. Axir, hech bo‘lmaganda, gapiradigan go‘shtsiz, o‘zingizdan ko‘proq go‘shtni ko‘tarib yuradigan suyaksiz. Qisqasi, mo‘jizasiz! Hamma narsaga sedana yog‘ini davo deb ko‘rsatadiganlar chiqib qolgandi-ku. Shular kabi buni ham zo‘ravonlik orqali ta'lim-tarbiya olganingizdan deb izohlamoqchi emasman. Shunchaki qiziq. Bilamaaan, men bilmagan ulkan bir sabablari bor. Shunday xayollar kelib qoldi-da. 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramПереслано из Gurung podkasti
❔ Bugun zo‘ravonlik ko‘rgan bola ertaga kim bo‘ladi? Biz farzandlarimizdan doim bitta narsani talab qilamiz: «Kattaga gap qaytarma, jim ötir, quloq sol». Ammo uning şaxsiyati, öz fikri qayerda qoladi? Sözsiz böysuniş haqiqiy odobmi yoki kelajakdagi irodasiz insonning boşlanişimi? «Gurung»ning 21- sonida ekspert Arofat Ma’lim bilan ta’limdagi oğriqli mavzularni oçiq muhokama qildik: 💖 Öquvçining fikr bildirişini nega «behurmatlik» deb qabul qilamiz? 💖 Jentra, dabdabali töylar va soxta obrö: özimizni kimga isbotlayapmiz? 💖 Bola ota-onasining orzusini amalga oşirişga majburmi? 💖 Qattiqqöllik qaçon zöravonlikka aylanadi? Bu suhbat har bir ota-ona va ustoz körişi şart bölgan haqiqatlar haqida. 📹 Premyera: https://youtu.be/3MLHa1V6zvg Özingizga yoqimli içimlik tayyorlang va iliq suhbatimizga qöşiling. @gurungpodkasti
Открыть в TelegramBir juda qimmat mentorning darslarida savollarni ko‘p berganim uchun hamrohim mening o‘rnimga uyalib berdi. Hatto ustozdan men uchun uzr ham so‘radi.🤭 O‘yga toldim: men nima qildim? U nega bunday bo‘lib qolgan? O‘quvchi ustoz uchun qulay bo‘lishi kerak, degan tushuncha qayerdan paydo bo‘lgan? Aslida, ustoz o‘quvchiga qulay bo‘lishi kerak emasmi? Ustozdan imkon qadar ko‘proq foydalanishga intilish mantiq emasmi? Axir, u yerda mijoz — menman. Tasavvur qiling, restoranga kirib, piyola olib kelmagan ofitsiantga qulay bo‘lishi uchun choyni choynak jo‘mragidan ichsangiz. Ishi yengilroq bo‘lishi uchun qorningiz to‘ymay turib ketsangiz-chi? Bolani kattalar uchun qulaylashtirish bizni yeb qo‘ydi. Endi ham shunday: qulaylashasiz, besh olasiz. Masalan, mustaqillik nima? Siz mustaqilmisiz? Ha, fuqaro o‘laroq ozodsiz. Ammo inson sifatida-chi? Qarorlaringizni o‘zingiz qabul qilasizmi? Aniqmi?.. Balki qarorlaringizni ota-onangiz, turmush o‘rtog‘ingiz, qarindoshlaringiz, mahalla yoki ko‘cha boshidagi Risolatapa belgilayotgandir? Miyangizga in qurib olgan ularning ovozlari sizning qarorlaringizga aralashmayaptimi? Qachon boshlandi bu? Ichki kiyimingizni ham o‘z istagingizga ko‘ra tanlamaysiz. Boshidan shunday edi... 😁 Mening 33 yoshimda uy paypog‘imni ayam tanlagan ekan. O‘zi bilmaydi, lekin. Gulsizidan! "Gulli paypoq bachkana ko‘rinadi o‘qituvchiga". 😁 Bir gulli-rasmli paypoq kiyadigan erkak bor. Biz uni jasoratli deymiz. Biz ham deyarli shunday qulay avlod yetishtirmoqchimiz. Keyin ulardan kim yasamoqchimiz o‘zimizcha?🤭 Yechim: bolaga tayyor qaror berish emas, qaror qabul qilishni, uning oqibatlarini baholashni va xatosidan o‘rganishni o‘rgatish, o‘z qarorlari ichidan to‘g‘risini tanlashga ko‘maklashish kerak. Endi ertaga faqat o‘z qaroringiz bilan nimadir qilib ko‘ring. Sizlarga uyga vazifa. 🙃 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramHa, qudrati bor insonlar sabr va muloyimlik qilishga majbur emas. Ammo sabr va muloyimlik — qudratning belgisi. Zero, o‘zini yenga olish — asl qudratdir. @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramPastkashlik ham san’at. Chunki hammamiz ham uni qoyillatolmaymiz. Pastkashlik ham jasorat. Chunki siz bilan biz vijdonimiz bilan jangda yutqazganlarmiz. Pastkashlik — intizom va mahorat. Chunki siz bilan biz rejaning qayerinidir xom qilamiz-da, oxir-oqibat o‘zimizga pand berib qo‘yamiz. 🤭 Pastkashmasligimizdan boshqa faxrlanadigdan hech vaqoyimiz yo‘q bizning! 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramMendan menga o‘xshash uchun kitob tavsiyasi so‘ramang. Meni men qilgan bitta kitob yo‘q. Meni genetika, ta’lim-tarbiya, muhit, xatolarim va ulardan chiqargan xulosalarim shakllantirgan. Ehtimol, siz men qilgan xatoni qilmagandirsiz. Balki uning sabog‘ini sizga tarbiya jarayonida tayyor aytishgandir. Men esa siz qilgan xatoni qilmaganman, balki uni qilmaslikni kitobdan o‘qib o‘rgangandirman. Kimdir esa ikkimiz ham qilgan xatoni kuzatib, o‘zi xulosa chiqarib qo‘ya qolgan. Va hokazo...😁 Har kim o‘zidagi bo‘shliqni to‘ldirishi, ehtiyojini aniqlab, uni qondirishi kerak. Shunda ham kitob tavsiyasi so‘rasangiz: insonni tushunishni Dostoyevskiy o‘rgatdi, kesatishni Chexov qoyillatadi, fikrni yumshoq ifodalashni Tagor, insonning ichki olamini, hatto eng g‘arazli tuyg‘ularini yalang‘ochdek tasvirlashni esa Mopassan uddalaydi. Ammo ba’zan bir kitobdan atigi bitta jumla siz uchun foydali bo‘ladi. O‘sha jumlani esa butun boshli asarning faqat bir epizodidagi qahramon tilidan o‘qigan bo‘lishingiz mumkin. Endi o‘sha kitobni boshqalarga "Hayotingizni o‘zgartiradi", deb tavsiya qila olasizmi? U o‘ziga kerakli narsani o‘sha kitobdan topa olmasa-chi? Hamma gap ehtiyojda. Ehtiyoj esa individual... Shunday vaqtlarda birorta kitob reklamasini ham bosvorishim mumkin edi-yu, unday qilmayman. Bilsanglar, bilarsizlar! 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramFoydali og‘riq. Bir nufuzli tashkilotga ariza topshirayotganda shunday savolga duch kelasiz: "Biror xatoga yo‘l qo‘yganmisiz? Undan qanday xulosa chiqargansiz va shu xulosadan foydalanib, bugungacha qanday natijalarga erishgansiz?" Bu — majburiy savol. Javob bermasangiz, arizangiz qabul qilinmaydi. Chunki sizdan xato qilmaydigan inson bo‘lish talab qilinmaydi. Zero, bunday odam yo‘q! Sizdan xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqara oladigan va bu xulosalarni foydali natijalarga aylantiradigan inson bo‘lish talab qilinadi. Inson xatolari orqali ham o‘sadi. O‘z tajribamdan kelib chiqib aytamanki, xatolar — eng go‘zal ne’matlardan biri. Gap ulardan qanday foydalanishda. Tajribasizlik tufayli boshi berk ko‘chaga kirib qolganingizda, nazoratni yo‘qotib, boshqalarning sizni hurmatsiz qilishiga imkon berib qo‘yganingizda yoki o‘zingiz noto‘g‘ri qadam tashlaganingizda... Ana shu paytda o‘zingizga "Buni qanday hal qilish mumkin?" degan savolni berishingiz — eng qimmatli lahzalardan biri. Insonning suyagi o‘sayotganda ham, tishi chiqayotganda ham joni og‘riydi. Ammo bu jarayonlar uning rivojlanishiga xizmat qiladi. Keyin u yangi bosqichga o‘tadi: yurishni, ovqatni O‘ZI chaynashni o‘rganadi. Ko‘pchilik arizaning aynan o‘sha bandini nima bilan to‘ldirishni bilmay qiynaladi. Tushuntira oldimmi?..🙃 Bormi og‘riq? 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в Telegram#BadaliTo‘langanSaboqlar Agar sen shunchaki yashab qolmoqchi bo‘lsang, dushmanlarga qarshi qurol (argument va dalillar) yig‘ish, ularning nozik joylarini bilish va bahsda yenga olishning o‘zi yetarli. Ammo sen o‘smoqchi bo‘lsang, muomala qilishni, vaqti kelganda murosaga borishni, boshqalarni ham murosaga ko‘ndirishni va kimgadir chin dildan yaxshilik sog‘inishni ham bilishing kerak. @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramПереслано из Aksioma
Ustoz qanday bo‘lishi kerak? Ta’limdagi ko‘rinmas muammolar haqida Ta’lim — jamiyat kelajagini belgilaydigan eng muhim sohalardan biri. Undagi o‘zgarishlar, yutuq va muammolar esa, avvalo, sinfxonada o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Anhor.uz jamoasi tayyorlagan hujjatli filmda ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan ustozlarning qarashlari jamlandi. Filmda pedagoglar o‘z tajribasi, sohada kuzatilayotgan muammolar, mavjud kamchiliklar va ta’limdagi ijobiy o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi. Video: https://youtu.be/qYSLIt14lbA Batafsil 👇 https://anhor.uz/uzl/ichkaridan-nazar/ustoz-nigohida-talim-muammolar-yutuqlar @anhoruz | Yangiliklar, voqealar, fikrlar
Открыть в Telegram🟢Javobni to'g'ri topdingizmi? Tabriklaymiz! Ibn Sino filialimiz uchun professional boshlang'ich sinf ustozlarini saralamoqdamiz! 🟢 Ish vaqti: 08:30–17:00, 5/2 🟢 Oylik maosh: 14.000.000 - 15.000.000 so’m 🟢 Biz sizga nimalarni taklif qilamiz: Rasmiy faoliyat: Mehnat kodeksiga muvofiq to‘liq shartnoma va kafolatlangan ta’til. Barqarorlik: Oyda 2 marta maosh olish (avans va oylik). O'sish: Har o'quv yili oshirib boriladigan ish haqi. Ijtimoiy himoya: O'zingiz va farzandingiz uchun oylik saqlanadigan kasallik ta'tillari. Work-life balance: Ish vaqtidan so‘ng ma’muriyat tomonidan bezovta qilinmaslik kafolati. Aniq bonuslar: Farzandingiz maktabimizda o‘qishi uchun 3 250 000 so'mgacha chegirma. Mazali tushlik: Maktab hududida maktab hisobidan 50% qoplanadigan mazali tushliklar. Rivojlanish: Malaka oshirish hamda trening/kurslar to'lovida maktab tomonidan ko'mak. Agar tanishlaringiz orasida ushbu lavozim uchun mos nomzod bo‘lsa, bizga tavsiya qiling — ishga qabul qilsak sizga 50 $ miqdorida tashakkur bonusi beramiz! 💵 🟢 Quyidagi bot orqali "🔥Qaynoq ish o'rinlari"dan Ibn Sino filialini tanlab arizangizni qoldiring: @rahimovschool_jbot Ha aytgancha masalani tanishlaringizga yuborishni ham unutmang 🟢
Открыть в TelegramYangi post yozishga qo‘rqaman. Chunki har bir yangi fikr bilan kimdir ketadi. Albatta, yangilar ham qo‘shiladi. Ammo negadir aynan ketganlar ko‘proq e’tiborimni tortadi. Aslida esa har bir post mening yangi qirramni ochadi. U qirra kimningdir kutuvlariga mos kelmasligi mumkin. Shunda u o‘ziga boshqa manzil tanlaydi. Darslarda ham xuddi shunday: har bir mashg‘ulot — yangi tavakkal va yangi imkoniyat. Kimdir sizga yaqinlashadi, kimdir esa fikran yoki jisman uzoqlashadi. Ayniqsa, o‘quv markazlarida dars beradigan ustozlar bu tuyg‘uni yaxshi bilishsa kerak. Shuning uchun qoliplardan voz keching, o‘zingizga gapirgandek dars o‘ting va auditoriyaga eng yaqin do‘stingizga qaragandek qarang. Harakat qilishdan qo‘rqmang: balki ketganlar tabiiy saralanishdir. Sizga oidlari esa qoladi. Men ham endi ko‘rpachaday-ko‘rpachaday uzun po‘stlar yozmasam ham doimgidan yaqinroq va faolroq bo‘laman. @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramMen nonga borardim. Har safar kuchuklarga duch kelardim. Qattiq akillashardi — go‘yo zarar bermoqchi bo‘lishardi. Uy egalariga aytib jilovlatay desam, g‘ururim yo‘l qo‘ymadi. “Qiladimi-yo‘qmi?” dedim. Kuchuklar o‘quvchim bo‘lmasa ham, ular bilan chiqisha olmayotganimni tan olish qiyin edi. Uray desam — bu bilan baribir ularni hayotimdan butunlay chiqarib yubora olmasdim. Faqat oqibati noma’lum jang boshlanardi, xolos. “Yo‘lini topishim kerak”, dedim. Hushtak chalib ko‘rdim — tushunishmadi. Keyin quchog‘imdagi nondan bir bo‘lak tashladim, sekin. Intilishdi-yu, yeyishmadi. Yana tashladim — bu safar yedi. Shu tarzda davom ettirdim. Endi esa nonsiz ham murosa qila olamiz. Nonlaringizni quchoqlab, siqilib yuravermang. 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramO‘smirlarni qo‘rquv orqali itoatga solsa bo‘ladimi? Itoatning ikki turi bor: sevgiga asoslangan ko‘ngilli itoat va qo‘rquvga asoslangan majburiy itoat. Majburiy itoatda qo‘rquv yo‘qolishi bilan o‘rtadagi bog‘liqlik ham tugaydi. Ko‘pincha qo‘rquv yo‘qolishi uchun nazoratchining ko‘zidan nari bo‘lish yoki qilmishni yolg‘on bilan yashirish imkonining paydo bo‘lishi kifoya. O‘smirni esa doim bag‘rimizda olib yurolmaymiz va endi ular ancha ishontirishga ham usta. Ko‘pincha kichik bolalarda tezkor “ishlagan” qo‘rquv usuli o‘smirlarga ham qo‘llanadi. Bu usulning xato ekanini aynan o‘smirlik davrida qoidabuzarliklar ko‘proq kuzatilishida ko‘ramiz. Aksincha, 👊 do‘zani ko‘paytirib ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, biz kattalarning jondan to‘ygan paytlarimizda hayotda ushlab qoladigan omillar — farzandlar, mustahkam e’tiqod va bilim — o‘smirda yo‘q ekanligini o‘ylang. Tag‘in u… Sevgiga asoslangan itoat nima degani? E’tirozlarini eshitish, tushunish, qoidalarni birgalikda yaratish, ikki tomonlama foydali bitimlar taklif qilish va, albatta, hurmatga asoslangan muloqot tilini o‘rnatish. “Bekor gap! Bizga ham bolaligimizda shunday qattiqqo‘l munosabatda bo‘lishgan. Yaxshi odam bo‘ldik-ku”, deyayotgan bo‘lsangiz, shunchaki sizning omadingiz kelgan va u davr ancha xavfsizroq edi. Aytgancha, yaxshi odam bo‘lganlaringizni qayerdan bilyapsizlar?.. 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в TelegramПереслано из ✾্᭄͜͡Dilshoda Abdullayeva
Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari nomidan ATTESTATSIYA JARAYONIGA NOROZILIK XATI Hurmatli mas’ul tashkilot rahbarlari! Biz, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, so‘nggi o‘tkazilgan attestatsiya jarayonlari yuzasidan o‘z qat’iy noroziligimizni bildiramiz. Avvalo, attestatsiya savollari mazmuni va darajasi boshlang‘ich ta’lim bosqichiga mos kelmayotganini alohida ta’kidlamoqchimiz. Matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha berilgan savollar nafaqat murakkab, balki ko‘p vaqt talab qiladigan, chuqur va uzoq o‘ylashni talab etadigan tarzda tuzilgan. Bu esa belgilangan vaqt doirasida savollarga to‘liq va aniq javob berishni qiyinlashtirmoqda. Xususan, matematika fanidan berilgan masalalar tushunarsiz, sharti murakkab va aniq ifodalanmagan bo‘lib, ularni yechish uchun ortiqcha mantiqiy bosqichlar talab etiladi. Tabiiy fanlar bo‘yicha esa savollar tarkibida fizika va biologiyaga oid mavzular keng o‘rin olgan bo‘lib, ular boshlang‘ich sinf darajasidan ancha yuqori hisoblanadi. Bundan tashqari, ayrim test savollari o‘quv dasturi va rasmiy spetsifikatsiyada ko‘rsatilmagan manbalardan, ya’ni darsliklarga to‘liq mos kelmaydigan kitoblardan tuzilgani kuzatilmoqda. Bu esa o‘qituvchilarni noaniq va kutilmagan savollar oldida qoldirmoqda. Yana bir muhim jihat — testlarda sun’iy intellekt asosida yaratilgan rasmlar qo‘llanilgan bo‘lib, ularda oziqlanish zanjiri, ovqatlanish ratsioni kabi murakkab tushunchalar berilgan. Ushbu rasmlar orqali berilgan savollarni tushunish va tahlil qilish ham ko‘p vaqt talab etadi hamda aniqlikdan yiroq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, o‘qish fanidan berilgan she’riy matnlar asosidagi savollarda ham mazmuniy nomuvofiqliklar mavjud. Savollar va javob variantlari bir-biriga to‘liq mos kelmaydi, ularni mantiqan tahlil qilib aniq javob topish qiyin. Ba’zi hollarda savollar muallif fikrini emas, balki test tuzuvchining sub’ektiv qarashini topishni talab qilayotgandek taassurot uyg‘otadi. Oliy toifa olish uchun 70% va undan yuqori natija talabi qo‘yilgan bo‘lsa-da, yuqoridagi muammolar sababli bu ko‘rsatkichga erishish ko‘plab tajribali o‘qituvchilar uchun amalda imkonsiz bo‘lib qolmoqda. Bu esa o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatiga va ruhiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi taklif va talablarni bildiramiz: 1. Attestatsiya savollarini boshlang‘ich sinf o‘quv dasturi va spetsifikatsiyaga to‘liq mos holda qayta ishlab chiqish; 2. Savollarni ortiqcha murakkablikdan xoli, aniq va tushunarli shaklga keltirish; 3. Fizika va biologiyaga oid yuqori darajadagi mavzularni kamaytirish yoki chiqarib tashlash; 4. Sun’iy intellekt asosidagi noaniq va murakkab tasvirlar o‘rniga sodda va tushunarli materiallardan foydalanish; 5. O‘qish fanidagi matn va savollar o‘rtasidagi mazmuniy moslikni ta’minlash; 6. Baholash mezonlarini qayta ko‘rib chiqib, adolatli va shaffof tizimni joriy etish. Hurmatli mas’ullar, biz ushbu murojaatimiz jiddiy ko‘rib chiqilib, attestatsiya jarayonlari haqiqatan ham o‘qituvchilarning bilim va pedagogik mahoratini to‘g‘ri baholaydigan tizimga aylantirilishiga umid qilamiz. Hurmat bilan, Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari nomidan
Открыть в TelegramEng "yaramas" o‘smirlar auditoriyasiga ham ishlaydigan usullar: Eng yaqin vaqtda sinab ko‘rganim — ishlashiga o‘zim ham ishonmagan (🤭), ammo samara bergan usullar bilan tanishing. 1. Pachakilashmaslik Kech qolgan o‘quvchiga tezroq o‘z joyini egallab, darsga kirishib ketishi mumkinligini aytdim. “Tarbiyaviy ishlar”ni dars yakuniga qoldirdim. 2. Ehtiyojini berish orqali zararsizlantirish Bir o‘quvchi jig‘imga tegish uchun rasmga olmoqchi bo‘ldi. Tabassum bilan turib berdim va endi darsga diqqat qilishini aytdim. 3. Aloqasi bo‘lmagan savol yoki harakatni mavzuga bog‘lash orqali diqqatni jamlash Huquq mavzusida bir-biriga samolyot uchirayotgan o‘quvchilardan samolyotini menga uzatishini so‘rab, xalqaro huquqning fazodagi holati haqida gapira boshladim. 4. Taktil kontakt o‘rnatish (o‘zga jinsli o‘quvchilar bilan tavsiya qilinmaydi) Telefonini topshirishni istamayotgan o‘quvchining kuragiga 3 soniya hurmat bilan kaftimni qo‘yib istagimni takrorladim. 5. Katta insondek gaplashish Savollarni qunt bilan eshitdim va hurmat bilan, asosli javob berdim. Mavzuga mos bo‘lmaganlariga darsdan keyin javob berishga ruxsat so‘radim. 6. Dars emas — suhbat Mavzuni imkon qadar hayotiy misollar bilan, go‘yo suhbatlashish ohangida tushuntirdim. O‘rtoqlar, bu avlod chegaralarni yoqtirmaydi, qoliplarni qabul qilmaydi. Fokusni chegaralarni himoya qilishga emas, o‘quv materialini singdirishga qarating. Qarindoshim bo‘lmasangiz bitta layk bosing. Statistikani bilay-chi. 😁 @arofat_sheraliyeva
Открыть в Telegram