#tushun
⏺️Ilmni ulug‘lash va uni johillar bahsidan asrash kerak
💚Qozi Jurjoniy aytadilar:
Agar ilm ahli ilmni asrasalar, ilm ham ularni asraydi. Agar uni qalblarida ulug‘lasalar, ilm ham ularni ulug‘laydi.
Alloh taolo insonni boshqa barcha maxluqotlardan yuksaltiradigan eng sharafli narsa undagi ilmdir. Alloh ilm bilan ulamolarni boshqa insonlardan, ularning ayrimlarini esa boshqalaridan ustun qildi. Shunday ekan, kim ilmdan biror ulushiga erishgan bo‘lsa, aslida, o‘ziga berilgan ilmning martabasiga munosib bo‘lmagan ishlardan yuksak turishi lozim.
Ilmni ulug‘lashning bir ko‘rinishi uni qadrsizlanishdan, bilmaydigan kishilarning tillarida chaynalib, oddiy gapga aylanishidan asrashdir. Shu bois, ilm ahlining odamlar bilan ularning aqli yetadigan, tushunadigan narsalar haqida gaplashishi oqilona siyosat va to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Aks holda, olimning o‘zi ilmga zarar yetkazgan va uni asramagan kishilardan bo‘lib qoladi. Buning zarari esa odamlarning o‘ziga ham qaytadi. Bu esa olim zimmasidagi risolatga mutlaqo ziddir.
🟢Ibn Mas’ud roziyallohu anhuning quyidagi so‘zlari naqadar go‘zal:
«Agar biror qavmga ularning aqli yetmaydigan gapni aytsang, bu, albatta, ulardan ayrimlari uchun fitnaga aylanadi».
Imom Shofe'iy rohimahullohdan mashhur bo‘lgan quyidagi so‘zlarida ham shubha yo‘qki, u zot: «Mening oldimga yetmishta olimni olib kelishsa, ularning barchasidan g‘olib kelaman. Ammo bir johilni olib kelishsa, u meni yengadi», deganlarida, johilning dalili kuchli ekanini nazarda tutmaganlar.
Balki ulamolar tushunadigan bir ma’noni ochib bermoqchi bo‘lganlar: Ilmning odob-qoidalarini bilmaydigan, uning e’tirof etilgan vositalarini ulug‘lamaydigan kishi bilan tortishish, unga raddiya berish va munozaraga kirishish uslubiga sho‘ng‘ish — johil bilan bahsga kirishgan olimning o‘zi uchun qulashdir.
Agar johil o‘z ovozi, qaysarligi yoki xatosi bilan sendan ustun kelsa, sen ilmni ulug‘lash va himoya qilish bilan johillarga xos uslubning botqog‘iga botish o‘rtasida mushkul vaziyatda qolasan.
Agar sukut qilsang, ilmning manfaatini ustun qo‘ygan bo‘lasan, ammo tashqi ko‘rinishda mag‘lub bo‘lib ko‘rinasan. Agar gapirsang, bunday bahsga sho‘ng‘ib, shunday bir qulashga duchor bo‘lasanki, undan keyin qaddingni rostlashing qiyin bo‘ladi. Sening mag‘lub bo‘lishing kimga kerak?! Aslida, e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan narsa — bilmaydigan kishiga o‘zi bilmagan masalada fikr bildirish va hukm chiqarish imkoniyatini berib qo‘yishdir.
Ammo ilm ahli o‘rtasidagi munozaralat, bu e’tiroz bildiriladigan yoki undan qaytariladigan narsa emas. Aksincha, ilm aynan shu orqali rivojlanadi, masalalari tarmoqlanadi, ufqlari kengayadi va tolibi ilmlar undan manfaat oladi. Bunday munozaralar bir asrdan boshqa asrga, bir mamlakatdan boshqa mamlakatga ko‘chib, davom etishi mumkin.
🟢Bunday munozaralar quyidagi to‘rt mezon bilan chegaralangan bo‘ladi:
- Ular ilm ahli o‘zaro kelishgan ilmiy qoidalar asosida olib boriladi.
- Aql mezonida tortiladi.
- Zohirda ham, botinda ham Allohdan qo‘rqish va Uning nazorati ostida ekanini his qilish bilan yo‘g‘rilgan bo‘ladi.
- Insonlar manfaatini ko‘zlash bilan cheklanadi.
Munozara qilayotgan kishilar ushbu to‘rt mezondan birortasini ham nazardan soqit qilmaydilar.
Agar masalaning mohiyati shunday ekan, mulohaza yurituvchi kishi qaysi masalalarda gapirish mumkinligini anglaydi, qaysi mavzularga kirishish unga to‘g‘ri kelmasligini, ularning chegaralari va maqsadlarini bilib oladi. Shuningdek, kimlar oldida, qaysi zamon va makonda so‘zlash kerakligini ham farqlaydi.
Bularning barchasida Allohdan yaxshilik va to‘g‘ri yo‘lga muvaffaq etishini, ilmni ham o‘z nafsida, ham boshqalarning qalbida asrash va ulug‘lashga yordam berishini so‘raydi.
⏺️Alloh taolodan ilm ila bizni himoya qilishini, ilmni himoya qilishga bizni muvaffaq qilishini so'raymiz!!!
🔓 Ustoz Muhammad Ayyub domla Kosoniy hafizahulloh bugun bu ishning ustidan chiqayotgan kam sonli ulamolarimizdan. Alloh u kishini muhofaza qilsin.
😎 Telegram | Talabaga ta'lim-adab