Amaldorlarimiz xizmat mashinasida emas, vertolyotda yurishi kerak!
Ha, to‘g‘ri o‘qidingiz. Menimcha, O‘zbekistondagi barcha amaldorlarga xizmat mashinasi o‘rniga vertolyot berilishi kerak. Nega bunday deyayotganimni tushuntiraman.
Bugun ertalab bir tashkilotda muhim uchrashuvim bor edi. Yo‘lga chiqdim. Ammo o‘sha tashkilot joylashgan ko‘chaga yetib borsam, YPX xodimlari naq to‘rt qatorli yo‘lni to‘liq yopib qo‘yishibdi.
Chamasi, qaysidir amaldorimiz shu ko‘chadan o‘tishi kerak bo‘lgan. Bitta ham mashinani kiritishmayapti. Bir soatcha boshqa mahallalar oralab, aylanib-o‘rgilib, tashkilotga yaqinlashdim. Atigi 500 metr qolgan edi.
Shundoq qayrilib, boshqa tomondan kiray desam, u yerda ham YPX xodimi turibdi. Yo‘l yopiq! Yana boshqa mahalla orqali kirishga urindim. U yerdan ham o‘tib bo‘lmaydi.
Qarasam, tushlik vaqti ham bo‘lib qolibdi. Oxiri ortga qaytishga majbur bo‘ldim.
Eng achinarlisi, birorta rasmiy manbada falon ko‘cha falon vaqtda yopilishi haqida oldindan ogohlantirish berilmagan. Shunchaki, yo‘lni yopib qo‘yishgan.
Hech kimning vaqti, rejasi, ishi bilan hisoblashishmaydi. Oldindan bilganimda, bugun bu tashkilotga umuman bormagan bo‘lardim.
Shuning uchun amaldorlarimizga vertolyot berish kerak, deyapman. Axir ularning ishlari juda shoshilinch, to‘rt qatorli yo‘ldan boshqalarga qo‘shilib yurishga vaqtlari yo‘q.
Yaxshisi, vertolyotda uchib borishsin. Soliq to'lovchi bir fuqaro sifatida bunga roziman. Shunda amaldor ham ishini bitirishga ulguradi, oddiy fuqaro ham o‘z manziliga vaqtida yetib oladi.
Telegram l Instagram l Facebook