#MUROJAATNOMA
🔺Hurmatli shahrimiz aholisi va mehmonlari!
So‘nggi yillarda shahrimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, aholi sonining ortishi hamda shahar infratuzilmasining kengayishi natijasida jamoat transportiga, xususan, metropoliten xizmatlariga bo‘lgan talab oshib bormoqda.
Buni yo‘lovchilar oqimi bo‘yicha statistik ko‘rsatkichlar ham tasdiqlaydi. Jumladan, 2025-yilning sentabr–oktabr oylarida metropoliten xizmatlaridan 51,4 million nafar yo‘lovchi foydalangan bo‘lsa, 2026-yilning ayni davrida ushbu ko‘rsatkich 61,7 million nafarga yetdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20 foizlik o‘sishni anglatadi. Bugungi kunda metropoliten kuniga 1,2 million nafardan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Hozirda Toshkent metropoliteni vagon parklarida 55 ta zamonaviy va 30 ta xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan eski harakat tarkiblari mavjud. Ularning yo‘lovchi sig‘imi o‘rtasida ham sezilarli farq bor: eski harakat tarkiblari o‘rtacha 1 000 nafargacha yo‘lovchini tashish imkoniyatiga ega bo‘lsa, yangi harakat tarkiblarida bu ko‘rsatkich 1 300 nafargacha yetadi.
Bundan tashqari, yo‘nalishlarda poyezdlar harakati intervallari imkon qadar qisqartirilgan, yo‘lovchilar oqimi yuqori bo‘lgan bekatlarga esa qo‘shimcha zaxira poyezdlari yo‘naltirilmoqda. Shuningdek, yo‘lovchilarning vagonlarga xavfsiz va tartibli chiqib-tushishini ta’minlash maqsadida mas’ul xodimlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Ortib borayotgan yo‘lovchilar oqimini inobatga olgan holda, metropoliten vagon parkini yangilash va tashish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Xususan, hukumatimiz tomonidan 2027–2028-yillarda Toshkent metropoliteni uchun 28 ta besh vagonli zamonaviy harakat tarkiblarini xarid qilish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, mavjud zamonaviy harakat tarkiblariga qo‘shimcha vagonlar xarid qilish hisobiga yana 40 ta harakat tarkibidagi vagonlar sonini beshtaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Mazkur chora-tadbirlar yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini kengaytirish, poyezdlar sig‘imini oshirish va metropoliten xizmatlari sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.
Hurmatli yo‘lovchilar!
Metropoliten faoliyatining samaradorligi, yo‘lovchilar uchun qulay sharoit yaratish va harakat xavfsizligini ta’minlash nafaqat amalga oshirilayotgan ishlarga, balki har bir yo‘lovchining tartib-qoidalarga amal qilishiga ham bevosita bog‘liq
🔸 Shu munosabat bilan Sizlardan quyidagi tavsiyalarga amal qilishingizni so‘raymiz:
• Poyezdlarning faqat bosh vagonlaridan emas, balki o‘rta 2-3-vagonlaridan ham birdek foydalaning. Bu yo‘lovchilar oqimining vagonlar bo‘ylab teng taqsimlanishiga yordam beradi
• Imkon qadar yo‘lovchilar oqimi nisbatan kam bo‘lgan muqobil bekatlardan foydalaning
Masalan, Chilonzor metro bekati (kun davomida o‘rtacha 60–65 ming nafar yo‘lovchi) o‘rniga Mirzo Ulug‘bek metro bekatidan (kun davomida o‘rtacha 20–25 ming nafar yo‘lovchi), Xalqlar do‘stligi metro bekati (kun davomida o‘rtacha 35–40 ming nafar yo‘lovchi) o‘rniga esa Milliy bog‘ metro bekatidan (kun davomida o‘rtacha 6–8 ming nafar yo‘lovchi) foydalanish orqali gavjum bekatlardagi yuklamani kamaytirishga hissa qo‘shishingiz mumkin
• Imkon qadar yo‘lovchi sig‘imi yuqori bo‘lgan yangi harakat tarkiblaridan foydalaning. Bu eski harakat tarkiblariga tushadigan yuklamani kamaytirish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olishga yordam beradi
• Poyezdga chiqishdan avval tushayotgan yo‘lovchilarga yo‘l bering
• Manzilingizga yaqinlashganda, boshqa yo‘lovchilarga xalaqit bermagan holda, oldindan vagon eshiklari tomon harakatlaning
• Bekatlarda va vagonlarda belgilangan xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qiling
Unutmang, metropolitenda qulaylik, tartib va xavfsizlikni ta’minlash barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir!
Toshkent metropoliteni yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish, mavjud imkoniyatlarni kengaytirish hamda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish yo‘lida izchil faoliyat olib borishda davom etadi. Sizlardan esa o‘zaro hurmat, tushunish va hamjihatlik bilan harakat qilishingizni so‘rab qolamiz.
“Toshkent metropoliteni” AJ