22 yoshli rejissyor Prezidentdan medal oldi
Prezidentimiz va kino sohasi vakillari bilan uchrashuvda yosh rejissyor Munisa Magametibragimova so'zga chiqdi. U VGIKga 300 balldan 300 ball to'plab, davlat granti asosida o'qishga kirgan, qisqa metrajli filmlari xalqaro maydonda e'tirof etilgan. Hozir o'qish bilan birga Bolalar kontentini rivojlantirish markazida ishlaydi.
«O'qishga topshirganimda eng ko'p eshitgan gapim: rejissyorlik erkaklar kasbi, ayollar uchun emas, degan so'zlar bo'lgan. Siz bu stereotiplarni sindirdingiz, hurmatli Prezident.
Bugun biz, yoshlar, jumladan qizlar ham o'z yurtimizda ta'lim olib, munosib hayot qurishimiz mumkin», — dedi Munisa.
U ayol rejissyorlar nomidan subsidiyalarda ular tomonidan ishlab chiqariladigan kino loyihalari uchun maxsus kvota belgilashni taklif qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev:
«Agar iqtisodiyot bilan birga ilmimizni, bilimimizni rivojlantirmasak, orqada qolamiz. Bugun oliy ta'limda o'qiyotganlarning 60 foizga yaqini — qizlar. Dissertatsiya himoya qilganlarning 75 foizi — ayollar va qizlar. Birinchi kundan aytib kelaman: bitta oilada o'qimishli qiz bo'lsa, oiladagi vaziyat o'zgaradi. U tarbiyalagan farzandlar esa millatni o'zgartiradi.
Agar rozi bo'lsangiz, bugun ishxonaga borib, Munisa qizimni «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlash to'g'risidagi hujjatga qo'l qo'yaman».