RASMIY MUNOSABAT
Ijtimoiy tarmoqlarda fizika fani bo‘yicha attestatsiya test topshiriqlarining xorijiy adabiyotlar, jumladan, Douglas C. Giancoli muallifligidagi Physics: Principles with Applications kitobidagi masalalarga o‘xshashligi yuzasidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarga quyidagilarni ma’lum qilamiz.
2026-yilgi kuzgi attestatsiya test topshiriqlari tasdiqlangan fizika fani spetsifikatsiyasi asosida, unda belgilangan mavzular va baholanadigan bilim hamda ko‘nikmalar doirasida ishlab chiqilgan. Pedagoglar uchun tayyorgarlik jarayonida foydalanish maqsadida demo testlar ham maxsus platformada e’lon qilingan.
Fizika fanidagi qonuniyatlar va formulalar umumilmiy xususiyatga ega bo‘lgani sababli turli adabiyotlarda bir mavzuga oid masalalarning sharti, chizmasi yoki yechish usulida o‘xshashliklar uchrashi tabiiy. Biroq bunday o‘xshashlik topshiriq aynan muayyan manbadan ko‘chirilganini yoki spetsifikatsiya talablaridan chetga chiqqanini anglatmaydi.
Test topshiriqlarini baholashda ularning tasdiqlangan spetsifikatsiyaga muvofiqligi, ilmiy to‘g‘riligi va javoblarining asoslanganligi asosiy mezon hisoblanadi.
Shu bilan birga, muayyan topshiriqning mazmuni, ilmiy to‘g‘riligi yoki javob kaliti yuzasidan aniq asoslar bilan bildirilgan e’tirozlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
📱 Telegram|🌐 Facebook | 📱Instagram | 🌐 Web site | 📹 You Tube |😀Linkedin | DIREKTOR