🇺🇿🇺🇿🇺🇿🇺🇿🇺🇿
RASMIY MUNOSABAT
🌐 Ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy baholash sohasidagi qonunchilik bilan qisman tanishgan ekspertlar tomonidan “Mulkdor uyining to‘liq qiymatini ololmasligi mumkin” — deb bildirilgan fikrlar asosida tayyorlangan xabarlar tarqalmoqda.
▶️ Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma'lum qilamiz.
⚡️ Bu masalada, dastlab, ommaviy baholash orqali aniqlangan ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatidan foydalanish bilan mulkdorning huquqiy kafolatlarini farqlash zarur.
Avvalo, ko‘chmas mulkni ommaviy baholash ishlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 5-martdagi PF–43-son Farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ushbu Farmonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholashning maqsadlari aniq belgilab qo‘yilgan.
Jumladan, asosiy maqsadlardan biri sifatida ko‘chmas mulk obyektining soliq solish, oldi-sotdi qilish, garovga qo‘yish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va boshqa holatlar uchun aniqlanadigan qiymati o‘zaro mutanosib bo‘lishini ta’minlash etib belgilangan.
Bu esa, o‘z navbatida, ko‘chmas mulk obyektini oldi-sotdi qilish, garovga qo‘yish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda ommaviy baholash natijalaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ushbu maqsadlarda foydalaniladi, degani emas.
Ommaviy baholash orqali aniqlangan ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymati davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ko‘chmas mulkni olib qo‘yishda loyihalarning iqtisodiy parametrlarini dastlabki tahlil qilishda axborot manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Bunda mulkdorning mulk huquqini cheklash, uni ko‘chmas mulkni olib qo‘yishga rozilik bergan deb hisoblash yoki qonunchilikda belgilangan kompensatsiya kafolatlarini kamaytirish uchun asos bo‘lmaydi.
Kompensatsiya miqdori va tartibi, shuningdek, mulkdorning huquqlari hamda kafolatlari tegishli qonunchilik talablariga muvofiq belgilanadi.
Ommaviy baholash orqali aniqlangan ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatidan dastlabki iqtisodiy tahlilda foydalanish imkoniyatini mulkdorlar huquqlarining buzilishi bilan tenglashtirish to‘g‘ri bo‘lmaydi.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ommaviy baholash orqali aniqlangan ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini mazkur maqsadlarda qo‘llashga doir norma mavjud emas.
Shu bois ekspertlar tomonidan ushbu qonun loyihasida ommaviy baholash orqali aniqlangan ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ko‘chmas mulkni olib qo‘yish jarayonida qo‘llash nazarda tutilmaganligi “Mulkdor uyining to‘liq qiymatini ololmasligi mumkin” degan xulosalarning asossiz ekanini ko‘rsatadi, deb hisoblaymiz.
Ta’kidlash joizki, ko‘chmas mulk oldi-sotdisida obyektning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymati majburiy oldi-sotdi narxi hisoblanmaydi va tomonlarning kelishuv huquqini cheklamaydi.
Ommaviy baholash orqali aniqlangan ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymati kelajakda oldi-sotdi bitimlarida firibgarlik bilan bog‘liq holatlarning oldini olib, mulkdorlarning manfaatlarini himoya qiladi.
Ya’ni, sotuvchi va oluvchining oldi-sotdi qilinayotgan ko‘chmas mulkning bozor narxiga yaqin qiymati haqida oldindan xabardor bo‘lishi (ommaviy baholash natijasi) o‘zaro adolatli kelishuvga zamin yaratadi.
Shu o‘rinda, Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi soha rivojlanishiga qaratilgan asoslantirilgan va obyektiv tanqid hamda mulohazalarga ochiqligini ma’lum qiladi.
To‘g‘ri va tasdiqlangan ma’lumotlar faqat rasmiy davlat tashkilotlari hamda ularning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali taqdim etiladi. Shu sababli Sizdan tekshirilmagan, asossiz xabarlarga ishonmaslikni so‘raymiz.
🕊 Telegram |📱 Instagram |📱Facebook