TUPROQ OZIQANI QANDAY USHLAB TURADI? KALSIY, MAGNIY, KALIY VA NATRIYNING QANCHA BO‘LISHI MA’QUL?
Dehqonchilikda ko‘pincha tuproqda qancha azot, fosfor va kaliy borligiga e’tibor beramiz. Ammo tuproqning oziqa elementlarini ushlab turish qobiliyati va ularning o‘zaro muvozanati ham juda muhim.
■ Tuproq oziqa elementlarini qanday ushlab turadi?
Tuproq tarkibidagi gil va chirindi zarrachalari kalsiy (Ca), magniy (Mg), kaliy (K) va natriy (Na) kabi musbat zaryadlangan elementlarni o‘ziga tortib, ushlab turadi.
Bu xususiyat kation almashinish sig‘imi (CEC) deb ataladi.
Oddiy qilib aytganda, tuproqni oziqa elementlari saqlanadigan omborga o‘xshatish mumkin.
▪️ Ombor qancha katta bo‘lsa, shuncha ko‘p oziqa elementlarini saqlay oladi.
▪️ Ammo omborning kattaligi uning ichida o‘simlikka kerakli oziqalar yetarli ekanini bildirmaydi.
▪️ Muhimi, qaysi element qancha miqdorda mavjudligi va o‘simlik undan foydalana olishidir.
■ CEC qancha bo‘lishi kerak?
CEC odatda 100 gramm tuproqqa nisbatan milliekvivalent (meq/100 g) yoki smol(+)/kg birliklarida ifodalanadi.
Tuproqlarni dastlabki baholash uchun quyidagi shartli oraliqlardan foydalanish mumkin:
▪️ 5 dan kam — oziqa elementlarini ushlab turish sig‘imi juda past.
▪️ 5–10 — past.
▪️ 10–20 — o‘rtacha.
▪️ 20–30 — yuqori.
▪️ 30 dan yuqori — juda yuqori.
Bu chegaralar umumiy yo‘naltiruvchi ko‘rsatkichlar bo‘lib, barcha tuproqlar uchun yagona standart emas.
Masalan, qumli tuproqlarda CEC odatda past, gil va chirindiga boy tuproqlarda esa yuqoriroq bo‘ladi.
■ Kalsiy, magniy, kaliy va natriy qancha bo‘lishi kerak?
Tuproqning kation almashinish sig‘imida ushbu elementlar egallagan ulushni baholash uchun agronomik amaliyotda quyidagi taxminiy oraliqlar uchraydi:
▪️ Kalsiy (Ca) — 60–75%
Kalsiy o‘simlik o‘sishi, ildiz rivojlanishi va tuproqning yaxshi donador tuzilishini saqlashda muhim.
▪️ Magniy (Mg) — 10–20%
Magniy xlorofill tarkibiga kiradi. U fotosintez va o‘simlikning normal rivojlanishi uchun zarur.
▪️ Kaliy (K) — 2–5%
Kaliy hosil shakllanishi, suv almashinuvi hamda o‘simlikning qurg‘oqchilik, sovuq va boshqa stresslarga chidamliligida muhim rol o‘ynaydi.
▪️ Natriy (Na) — odatda 5% dan kam bo‘lishi ma’qul
Natriy ortiqcha to‘planganda, ayniqsa ayrim gilli tuproqlarda, tuproqning zichlashishiga, suv singishining yomonlashishiga va ildiz rivojlanishining cheklanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Muhim: yuqoridagi foizlar barcha tuproq va ekinlar uchun qat’iy me’yor emas. Ular faqat dastlabki tushuncha beradi. O‘g‘itlash yoki melioratsiya tadbirlarini faqat shu nisbatlarga qarab belgilash to‘g‘ri emas.
■ Keling, oddiy misolda ko‘rib chiqamiz
Faraz qilaylik, laboratoriya tuproqning CEC ko‘rsatkichini 11 meq/100 g deb aniqladi.
Almashinuvchi elementlar ulushi esa quyidagicha:
▪️ Kalsiy — 63,6%
▪️ Magniy — 18,2%
▪️ Kaliy — 9,1%
▪️ Natriy — 9,1%
Bu natijalar nimani anglatadi?
Birinchidan, tuproqning oziqa elementlarini ushlab turish sig‘imi o‘rtacha darajada.
Ikkinchidan, kalsiy va magniyning ulushi keng qo‘llanadigan yo‘naltiruvchi oraliqlarga mos keladi.
Uchinchidan, kaliyning ulushi odatdagi ko‘rsatkichlardan yuqori. Ammo bu o‘simlik kaliy bilan to‘liq ta’minlangan degani emas. Buni aniqlash uchun o‘zlashtiriladigan kaliy miqdori ham tekshiriladi.
To‘rtinchidan, natriyning 9,1% bo‘lishi e’tibor talab qiladi. Chunki ayrim tuproqlarda natriyning ortishi tuproq strukturasini buzib, suvning singishini qiyinlashtirishi mumkin.
■ Fermer tuprog‘ida bu elementlar qancha ekanini laboratoriyada CEC — tuproqning kationlarni ushlab turish sig‘imi aniqlash orqali biladi.
■ O‘zbekiston tuproqlarida nimaga e’tibor berish kerak?
O‘zbekistonning ko‘plab sug‘oriladigan tuproqlari karbonatli va ishqoriy xususiyatga ega. Ayrim hududlarda esa sho‘rlanish va sho‘rtoblanish jarayonlari ham kuzatiladi.
AGROLABORATORIYA-ILM BILAN
©️Shovkat_Xoldorov
👉 @agrolaboratoriya