Avvalroq Telegram kanalim va Facebook sahifalarimda Jizzax viloyatida sodir bo‘lgan kiberjinoyat yuzasidan murojaat o‘z yechimini topmayotgani haqida tanqidiy post e’lon qilgan edim.
Unda bir ayolning suratlari sun’iy intellekt yordamida montaj qilinib, uning nomidan ijtimoiy tarmoqlarda intim va massaj xizmatlari taklif etilgani, qolaversa, oila a’zolariga ham tahdidlar qilingani haqida so‘z borgandi.
Quvonarlisi, murojaat nihoyat ijobiy yechimini topdi!
Jizzax viloyati IIBning kiberxavfsizlik yo‘nalishidagi mas’ul xodimlari va tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida ushbu qilmishga aloqador shaxs aniqlanib, unga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Albatta, kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish nisbatan yangi va murakkab yo‘nalish. Bunday jinoyatlarni fosh etish katta bilim, tajriba, zamonaviy texnologiyalar va vaqt talab qiladi.
Ishonamanki, vaqt o‘tishi bilan hududiy kiberxavfsizlik bo‘linmalarining salohiyati yanada oshib, bu kabi murojaatlarga tezkor va professional yondashish tizimi yanada takomillashadi.
Muhimi, murojaat e’tiborsiz qolmadi va ijobiy natija berdi!
Mazkur ishga mas’uliyat bilan yondashgan Jizzax viloyati ichki ishlar organlari va kiberxavfsizlik xodimlariga minnatdorlik bildiraman.
Zero, insonning sha’ni, qadr-qimmati va oilasi daxlsizligi har qanday zamonaviy texnologiyadan ustundir!