Bu holatga javobni Forobiyning “Baxtga yoʻllanma” asarida bayon qilingan fikrlardan keltiramiz. Unga koʻra insonning harakatlari zamirida zavqlanish istagi boʻlgan yashirin maqsad yotishi taʼkidlanadi. “Shuni aytamizki, yomon fe’l-atvorni bajarish zavq keltiradi deb oʻylaganimiz tufayli bizga yengil tuyuladi. Xuddi shuningdek, goʻzal ishlar bizga aziyat keltiradi deb gumon qilganimiz bois ularni tark qilamiz. Buning sababi biz har qanday feʼl-atvorimizda zavqlanishni maqsad qilamiz. Barcha ishlarimizda faqatgina zavqni qasd qilamiz [4].
Inson tabiatan ogʻriqdan qochishga va rohatga intilishga moyil boʻlgani uchun nafs bizni darhol zavq beradigan ishlarga undaydi, garchi ular aql tarozisida yomon boʻlsa ham. Aksincha, biz koʻpincha goʻzal va foydali amallardan oʻzimizni olib qochishimizga sabab ham shu, chunki ularni bajarish bizga mashaqqatli va ogʻriqli boʻlib koʻrinadi [5]. Shunga koʻra, jismoniy lazzatlardan tiyilishdan zavqlanadigan kishi iffatli boʻladi. Tiyilishdan ogʻrinadigan kishi oʻzini yomon ishlar qilishdan tiya olmaydigan boʻladi.
Zamonaviy fanning taʼkidlashicha, inson biror ishni bajarganda zavqlansa miyada dofamin gormoni ishlab chiqariladi. Miya biror ishdan zavqlansa (masalan, shirinlik yeyish, ijtimoiy tarmoq koʻrish, oʻyin oʻynash kabi), oʻsha ishni qilishdan oldin dofamin ajratib, insonni harakatga undaydi. Yomon odatlar ham aynan shu tezkor zavq mexanizmi tufayli shakllanadi. Yaxshi ishlar esa hadaha* dofamin bermagani uchun miyaga zavqli tuyulmaydi.
Odatda yaxshi va yomon ishlar bir-biriga teskari mutanosiblikda keladi. Yaxshi va foydali amallar boshida achchiq, lekin oxiri shirin. Ular oʻz ortidan darhol mashaqqat yoki aziyatni ergashtirib kelsa-da, vaqt oʻtishi bilan albatta ulkan lazzat va rohatga olib boradi. Yomon ishlar esa boshida shirin, ammo oxiri achchiq boʻlib, ular bajarilgan lahzada lazzat bergani bilan keyinchalik muqarrar aziyat va pushaymonlikni keltirib chiqaradi. Inson tabiatan sabrsiz boʻlgani va naqd narsaga oʻchligi sababli koʻpincha kelajakdagi katta baxtdan koʻra hozirgi arzimas lazzatni ustun qoʻyadi. Shuningdek, u kelajakdagi dahshatli oqibatdan koʻra hozirgi qiyinchilikdan qochishni maʼqul koʻradi. Bir donishmand shogirdiga dars berayotganda oʻtkir pichoqning uchiga asal suribdi-da, shogirdiga uni yalashni buyuribdi. Shogird tilini kesib olishdan qoʻrqib, bosh tortibdi. Shunda donishmand: “Dunyo lazzatlari mana shu pichoq uchidagi asalga oʻxshaydi. Uning bir lahzalik shirini bor, lekin uning ortidan keladigan ogʻriq va azob oʻsha shirinlikdan ming barobar uzoqroq davom etadi va qattiqroq boʻladi”, – deb taʼlim beribdi” [6].
Lekin hali umid bor. Muqaddas manbalarimizda biror holatni oʻzgartirish mumkinligini oʻqishimiz mumkin. To bir qavm oʻzlaridagi holatni oʻzgartirmagunlaricha, Yaratgan ularning holatini oʻzgartirmas. Bu ogohlantirish ham inson oʻz ixtiyori bilan xulqini oʻzgartirishi mumkin degan gʻoyani tasdiqlaydi [7]. Aslida, dinimizda oddiy yaxshi amallar uchun ham savob darajalar berilishi koʻp kitoblarda yozilgan. Yoʻlda ketayotganda yurishga halaqit beruvchi biror tosh, tayoq nasralarni olib tashlasangiz ham savob. Ezgu amal. Hatto, insonlarga tabassum bilan qarasash bilan ham savobga erishasiz. Halol va pokiza yursangiz ham, ezgu amal niyat qilsangiz ham yana shunday darajalar yoziladi. Bu ishlarni qilish uchun moddiy narsa, pul va koʻp kuch talab qilinmaydi. Shu kabi oson amallarni doimiy bajarish orqali yaxshi ishlardan zavqlanadigan holatga oʻzgarish mumkin.
Yaxshi amallarni doimiy bajarib yurishda shunday amallarni bardavom qiluvchi insonlar bilan doʻst tutinmoq, ularning davrasida yurmoq foydalidir. Shuning aksi oʻlaroq, yomonlikka moyil, zohirida gunohlarni koʻp qiluvchilardan uzoq boʻlish darkor.
* Hadaha – tez, tezda, darhol.