FAROSAT TARBIYASI: FOYDALI TANAFFUS
Avvalgi ikki postimiz mavzusi davomiga ulardan farosat tarbiyasi uchun ham foydalanish mumkinligini koʻrsatish ilinjida ayrim ishlanmalar bilan tanishtirsak:
1. “Shovqinsiz stullar” (ehtiyotkorona munosabat)
Oʻtkazilishi: oʻquvchilar bir vaqtda oʻz oʻrnidan turib, stullarini parta tagiga (mumkin maksimal darajada) surib qoʻyishlari kerak, ammo buni mutlaqo shovqinsiz, oʻta ehtiyotkorlik bilan amalga oshirishlari zarur boʻladi. Tabiiyki, baribir kimdir ehtiyotsizlik qilib, taqillatib yuboradi, bir necha bor takrorlatib, oʻqituvchi borgan sayin koʻrsatkich yaxshilanishiga urgʻu beradi.
Foydasi: umumiy manfaat yoʻlida oʻz xatti-harakatlarini nazorat qilishga odatlantirish.
2. “Sinonimlar” (muloqotdagi sharm)
Oʻtkazilishi: oʻqituvchi oʻquvchilarga navbat bilan kichik oʻlchamdagi toʻpni otadi va qaysi oʻquvchiga uni yoʻnaltirsa, unga befarosat murojaat soʻzlarini aytadi (masalan, “Kallang joyidami?”, “Senga kim qoʻyibdi”, “Quri bu yerdan”, “Boshimni qotirma”, “Toshingni ter”, “Oʻzingcha aqllilik qilma”, “Meni ignor qilma” va h.), toʻpni ilib olgan oʻquvchi shu murojaatni odobli, farosatli insonga xos muqobil chiroyli variantda aytib toʻpni qaytarishi kerak boʻladi.
Foydasi: bir fikrni qanday soʻzlar bilan aytilishi qanchalik boshqa insonga turlicha taʼsir koʻrsatishini yaqqol his ettiradi.
3. “Pinhona koʻmak” (detallarga eʼtibor)
Oʻtkazilishi: barcha oʻquvchilar koʻzlarini yumadilar, bir oʻquvchi oʻqituvchining koʻrsatmasi bilan oxista oʻrnidan turib, sinfda shovqinsiz harakatlanib, kimningdir biror narsasini sozlab qoʻyadi (masalan, parta chekkasida osilib qolgan kitobini ichkariroq surib qoʻyadi, ilgichdagi qiyshayib turgan kiyimini qaytadan tekislab osadi, yerga tegib turgan portfel yoki sumkasini biroz yuqori koʻtarib qoʻyadi va h.), boshqalar koʻzini ochgach, oxista gʻamhoʻrlik aynan kimga koʻrsatilganini aniqlashga harakat qilib koʻradilar.
Foydasi: ezgu ishlarni birov aytmasa ham, oʻzi bilib-bilib qilishning imkoniyatini koʻrsatadi.
4. “Hurmat toʻlqini” (jamoaviy ishlash)
Oʻtkazilishi: birinchi oʻquvchi oʻrnidan turib, yengil taʼzim qiladi (yoki qoʻlini koʻksiga qoʻyadi) va qayta joyiga oʻtira boshlaydi va oʻtirishi bilan ikkinchi oʻquvchi ayni shu lahzani ilgʻab olishi va tezda oʻrnidan turishi kerak va shu tariqa oʻyin butun sinf boʻylab toʻlqinsimon tarzda davom etadi, kimdir shoshqaloqlik qilsa yoki kechiksa – toʻlqin uziladi, yaʼni vazifa – toʻlqinni silliq va uzilishlarsiz oʻtkazish.
Foydasi: jamoa harakatlariga diqqat-eʼtiborli boʻlishni, oʻzgalarning harakat surʼatini inobatga olishni oʻrganish.
5. “Yoqimli eʼtirof” (detallarga eʼtibor)
Oʻtkazilishi: oʻquvchilardan biri tanlanadi, oʻqituvchi sinfga orti bilan oʻgirilib, telefonida birorta musiqani qoʻyadi, shu paytda tanlangan oʻquvchi sinf boʻylab erkin harakat qiladi, 10-15 soniyada oʻqituvchi musiqani toʻxtatganda, oʻquvchi yetib kelgan joyida toʻxtaydi va unga eng yaqin turgan sinfdoshining birorta ijobiy xislatini tilga oladi, bunda juda kichik va bir qarashda eʼtiborsiz jihatga ham urgʻu berish mumkin boʻladi (masalan, kecha meni eshikdan oʻtkazib yuborganing uchun rahmat, bugun darsda juda faol boʻlding, daftarlaring barchasi muqovalangani chiroyli ekan va h.).
Foydasi: boshqa odamga eʼtiborliroq qiladi, birovning mehnatini hurmat qilishga odatlantiradi.
Umuman olganda, har qanday chuqur insoniy fazilat, inson zehni va zohiri bilan bogʻliq xislatni tarbiyalash oson boʻlmasligi aniq. Shunday ekan, farosat tarbiyasida pedagogikaning hamma usullari – ogʻzaki tushuntirish, amaliy mashq, oʻyinli texnologiyalar baravariga qoʻllanishi foydadan holi boʻlmaydi. Har tomondan jiddu-jahd bilan “yopishilsa” befarosatlik illati ham chekinib qolar, inshoolloh! Xalqimiz bejizga “Koʻpning qoʻli qoʻkka yetar” demagandir?!
Ustoz kundaligi jamoasi (psixol. f. d. P.S. Ergashev ilmiy tahriri ostida)
@Ustoz_kundaligi