Taʼlimda raqamli texnologiyalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Taʼlim va ilm-fan vazirligida raqamli transformatsiya va sunʼiy intellekt boʻyicha xalqaro ekspert Frederiko Karvalyo hamda UNICEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi raqamli taʼlim boʻyicha maslahatchisi Sarvar Butanov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Unda “ISHONCH 2030” loyihasi doirasida umumtaʼlim maktablarida raqamli taʼlim infratuzilmasini rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni oʻquv jarayoniga joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Loyiha doirasida 50 ta maktabga 3 500 dan ortiq noutbuk, 2 000 ta Google Chromebook plansheti, interaktiv panellar, serverlar va boshqa raqamli qurilmalar yetkazib berildi. Shuningdek, maktablarning internet infratuzilmasi yangilanib, Wi-Fi tarmoqlari kengaytirildi.
Alohida eʼtibor oʻquvchilarning texnologik va muhandislik koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilmoqda. Shu maqsadda 50 ta maktabda robototexnika toʻplamlari, 3D printerlar va zarur jihozlar bilan taʼminlangan STEM xonalari tashkil etildi. Ularda 2026–2027-oʻquv yilida “Tinkering with Tech” dasturi amalga oshiriladi.
Uchrashuvda, shuningdek, Microsoft va Google bilan hamkorlik, raqamli taʼlim platformalaridan foydalanish hamda maktablarga yetkazilgan texnik vositalarga xizmat koʻrsatish tizimini yoʻlga qoʻyish masalalari koʻrib chiqildi.
#RaqamliTaʼlim #IŞONÇ2030 #UNICEF #STEM
Facebook | Instagram | YouTube | Telegram