GTA 6 bir kunda $3,79 mlrd daromad keltirdi
13 yillik kutishdan so‘ng 19-noyabr kuni Grand Theft Auto VI (GTA 6) rasman sotuvga chiqdi. O‘yin dastlabki kunidayoq rekord natijalarni qayd etib, nafaqat gaming, balki butun ko‘ngilochar industriya miqyosidagi yirik biznesga aylandi.
GTA 6 birinchi kunida $3,79 mlrd chakana savdo daromadini qayd etdi. Bu GTA 5’ning 2013-yildagi dastlabki uch kunlik $1 mlrd natijasidan qariyb to‘rt baravar ko‘p.
Sensor Tower tahlilchilarining hisob-kitobiga ko‘ra, o‘yinning birinchi kundagi raqamli savdolari taxminan 24,6 mln nusxani tashkil etgan. Bu orqali $2,36 mlrd daromad olingan. Ushbu baho oldindan buyurtmalarni ham o‘z ichiga oladi.
GTA 6 O‘zbekistonda ham shov-shuvga sabab bo‘ldi
O‘yin global miqyosda milliardlab dollarlik savdo natijalarini qayd etayotgan bir paytda, O‘zbekistonda ham unga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshdi.
O‘zbekistondagi Telegram kanallarida GTA 6 haqida e’lon qilingan 1 046 ta post jami 2,7 mln dan ortiq ko‘rish to‘plagan. Noyabr oyida o‘yin haqidagi postlarning kunlik soni oktabrga nisbatan 3,43 baravar oshgan.
Qizig‘i, GTA 6 haqidagi muhokamalar faqat geymerlar kanallari bilan cheklanmagan. O‘zbekistonda yangiliklar kanallaridan biridagi post 91,1 ming marta ko‘rilgan. Bu o‘yin mavzusi kengroq auditoriya e’tiborini ham tortganini ko‘rsatadi.
Google qidiruvlarida ham shunga o‘xshash faollik kuzatildi: Trendomap ma’lumotlariga ko‘ra, 18-noyabr kuni GTA VI O‘zbekistonda Google Trends mavzulari orasida birinchi o‘ringa chiqdi.
Hatto kompaniyalar ham GTA 6 shov-shuviga qo‘shildi
Logitech kompaniyasi o‘zining 7 ming nafar xodimiga o‘yin o‘ynash uchun bir kunlik haq to‘lanadigan ta’til olish imkoniyatini berdi. «Logi Game Day» deb nomlangan tashabbus GTA 6 relizi bilan bir kunga to‘g‘ri keldi, biroq xodimlar ushbu ta’tilni keyingi bir yil davomida ham ishlatishi mumkin.
GTA 6 hozircha PlayStation 5 va Xbox Series X|S platformalarida mavjud. Shu sababli o‘yinning barcha platformalardagi ayni vaqtda faol o‘ynayotgan foydalanuvchilari soni bo‘yicha yagona ochiq statistika mavjud emas.
Bir o‘yin, milliardlab dollar va millionlab tomoshabinlar. GTA 6 relizi zamonaviy videoo‘yinlar nafaqat ko‘ngilochar mahsulot, balki ulkan iqtisodiy va madaniy hodisaga aylanganini yana bir bor ko‘rsatdi.
Batafsil Pivot.uz'da o'qing
Linkedin | Instagram | YouTube