SUGʻURTA SHARTNOMASI TIJORAT KELISHUVI EMAS, BALKI MOLIYAVIY OQIBATLARNI QOPLASHGA QARATILGAN HUQUQIY KAFOLATDIR
Maʼlumki, fuqaro yoki tadbirkor oʻz mol-mulkini sugʻurta qildirganda, avvalo, kutilmagan hodisa tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan moliyaviy yoʻqotishlardan himoyalanishni koʻzlaydi. Zero, yongʻin, tabiiy ofat yoki boshqa baxtsiz hodisalar oqibatida yetkazilgan zararni qoplash baʼzan katta mablagʻ talab etadi.
Bunday vaziyatda sugʻurta shartnomasi mulkdorning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishning muhim huquqiy vositasiga aylanadi.
Biroq sugʻurtaning haqiqiy ahamiyati shartnoma imzolangan paytda emas, balki sugʻurta hodisasi yuz berganda koʻzga tashlanadi.
Sugʻurtalovchi oʻz zimmasiga olgan majburiyatni bajarsa, mulkdor koʻrilgan zararni shartnomada belgilangan tartibda qoplash imkoniyatiga ega boʻladi. Aksincha, tovon toʻlash rad etilsa yoki asossiz kechiktirilsa, taraflar oʻrtasida nizo kelib chiqadi.
Aytish kerakki, amaldagi qonunlarda sugʻurta shartnomasining huquqiy asoslari aniq oʻz ifodasini topgan.
Jumladan, Fuqarolik kodeksining 914-moddasi birinchi qismiga muvofiq, sugʻurta fuqaro yoki yuridik shaxs (sugʻurta qildiruvchi) sugʻurta tashkiloti (sugʻurtalovchi) bilan tuziladigan mulkiy yoki shaxsiy sugʻurta shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Mazkur kodeksning 915-moddasida mulkiy sugʻurta shartnomasining huquqiy mazmuni belgilangan. Unga koʻra, sugʻurtalovchi shartnomada belgilangan haq — sugʻurta mukofoti evaziga sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda, sugʻurta qildiruvchiga yoki shartnoma foydasiga tuzilgan boshqa shaxsga yetkazilgan zararni sugʻurta puli doirasida qoplash majburiyatini oladi.
Demak, sugʻurta shartnomasi ikki tomonlama huquq va majburiyatlarni vujudga keltiradi. Sugʻurta qildiruvchi belgilangan toʻlovlarni amalga oshiradi, sugʻurtalovchi esa, shartnomada nazarda tutilgan tavakkalchilik yuz berganda, tegishli sugʻurta tovonini toʻlashi shart.
Shu jihatdan, sugʻurta shartnomasi oddiy tijorat kelishuvi emas, balki u muayyan xavf yuz berganda kelib chiqadigan moliyaviy oqibatlarni shartnomada belgilangan tartibda qoplashga qaratilgan huquqiy kafolatdir.
Mazkur qoidalar sugʻurta munosabatlaridagi taraflarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilash, shuningdek, sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda kelib chiqishi mumkin boʻlgan nizolarni qonuniy hal etish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
👉 Batafsil
Veb-sayt I Telegram I Facebook I Instagram I YouTube