Assalomu alaykum, hurmatli Ishtixon tumani aholisi va mehmonlari!
Ayni kunlarda havo haroratining pasayishi munosabati bilan xonadonlarda isitish moslamalaridan foydalanish ko‘lami ortmoqda. Afsuski, isitish qurilmalaridan noto‘g‘ri foydalanish oqibatida yong‘inlar, is gazidan zaharlanish hamda gaz-havo aralashmasi chaqnashi kabi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi mumkin.
Bunday noxush hodisalarning oldini olish, fuqarolarimiz hayoti va mol-mulkini asrash maqsadida barchangizni quyidagi xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqiraman:
Xonalarni isitishda nostandart va qo‘lbola isitish moslamalaridan foydalanmang.
Isitish pechlari mo‘rilarining sozligi, to‘g‘ri o‘rnatilgani va tutun gazlarini tashqariga erkin chiqarishini muntazam tekshirib boring.
Mo‘rilarni qurum va boshqa chiqindilardan o‘z vaqtida tozalang.
Mo‘risi mavjud bo‘lmagan isitish qurilmalaridan foydalanmang. Ko‘mir cho‘g‘ini uy ichiga olib kirib, xona isitishga urinmang.
Gaz va elektr isitish qurilmalarini yoqilgan holda nazoratsiz qoldirmang.
Bir vaqtning o‘zida bir nechta elektr isitish moslamasini bitta rozetkaga ulamang.
Gaz jihozlarini belgilangan tartibda ulang, nosoz yoki nostandart shlanglardan foydalanmang.
Xonada gaz hidini sezsangiz, elektr chiroqlarini yoqmang va o‘chirmang, ochiq olovdan foydalanmang. Darhol deraza va eshiklarni ochib, xonani shamollating hamda xavfsiz joydan tegishli xizmatlarga xabar bering.
Yosh bolalar, keksalar va yordamga muhtoj insonlarni nazoratsiz qoldirmang.
Hurmatli yurtdoshlar!
Unutmang, xavfsizlik qoidalariga beparvolik qilish inson hayoti va salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi. Ayniqsa, is gazi rangsiz va hidsiz bo‘lib, uni o‘z vaqtida sezmaslik og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Har birimiz o‘z xonadonimizda xavfsizlik talablariga amal qilishimiz, yaqinlarimiz hayotiga befarq bo‘lmasligimiz zarur.
O‘zingizni va yaqinlaringizni asrang! Ogohlik va e’tibor — xavfsizlik garovi!
Ishtixon tumani FVB boshlig'i E.Boyzakov.
✅@ishtixonovozi