Переслано из JB
Omonlik va omonatdorlik uyg‘unligi – Baxtiyor Abdug‘afurning “Farishtalar ortidan” romani haqida Taniqli yozuvchi Baxtiyor Abdug‘afurning yangi romani “Farishtalar ortidan” deb nomlangan va 2026 yilda “Yangi sahifa” nashriyotida chop etilgan, 286 sahifadan iborat. Roman oddiy, osoyishta hayot tasviri bilan boshlanib, bir necha soniyalarda azobu uqubatga, yo‘qotishlarga, sargardonlikka aylangan taqdirlar haqida so‘zlaydi. Muallif buning uchun o‘quvchini qiynamaydi va bitta syujet chizig‘i orqali bu zulmning bor dahshatu oqibatlaridan hikoya etadi. Odatda, urush haqida bitilgan Tolstoy, Xemenguey, Remarkning asarlarida harbiylarning kechmishlari haqida so‘z ketsa, Baxtiyor Abdug‘afur shu urush ichida hali uning nima ekanini anglab yetmagan bolaning fojealari haqida uning murg‘ak tilidan qissa qiladi. Xususan, urush markazida qolgan asarning bosh qahramoni Ali 12 yoshli bola bo‘lishiga qaramay, o‘zaro o‘ldirishlarning ma’nosini tushunishga intiladi, katta yo‘qotishlarga, shavqatsizlikka uchraydi, yashashdan charchaydi va o‘zining o‘limiga ham rozi bo‘ladi. Endi, tassavvur qilib ko‘ring: orzulari osmon, dunyoni endi anglayotgan yosh qalb dunyodan bezishi uchun qanday baxtsizlikka uchrashi kerak? Yo‘q, bu aslo suitsid emas, balki Ali bola qalbi bilan yaqinlari, ota-onasi, akasi va opasini chin dildan sog‘inadi, ularning yoniga ketishni istaydi, xolos. Kitobni o‘qish davomida Ali va unga o‘xshagan urush ichidagi odamlar va bolalarga xayrixoh bo‘lasiz, ularning musibatlari tezroq tugashini kutasiz. Shu o‘rinda yozuvchi bu falokatlarni yosh bola ko‘zi orqali o‘quvchiga taqdim etgani ham asarning ta’sirchanligini juda oshirgan. Ali shuncha ko‘rgiliklarni boshidan o‘tkazsa ham, insoniy qiyofasini yo‘qotmaydi, balki, ko‘z oldida vafot etgan otasining o‘gitlarini har qadamda eslaydi, u roman so‘nggiga qadar ko‘z oldimizda yuksaladi. Chunki otasi uni axloqli inson etib tarbiyalayotgan edi. Shu sababga ko‘ra, Ali ikkita shirinlik pulini to‘lash va unga bir necha kun hamrohlik qilgan yigitning yaqinlari oldidagi qarzini uzish uchun qariyb yigirma yildan so‘ng o‘z shahriga qaytadi va kutilmagan mo‘jizaga duch keladi. Shu o‘rinda, o‘quvchi ham Ali bilan birgalikda quvonadi va uning ko‘z yoshlariga sherik bo‘ladi. Qisqa qilib aytganda, yozuvchi urushning katta zulm ekanini, unda odamlar insoniy qiyofasini yo‘qotishini ajoyib usulda ko‘rsatib bergan. Asarning aynan hozirgi kunda - insoniyat rivojlanishning cho‘qqisiga yetdi, degan bir davrda, dunyoning bir nechta davlatlarida urushlar davom etayotgan kunlarda yozilgani, chop etilgani uning qiymatini oshirgan. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Baxtiyor Abdug‘afur asar voqealari bo‘layotgan davlat, shahar nomini keltirmaydi. Baxtiyor Abdug‘afur avvalgi asarlari kabi bu kitobida ko‘p atamalarni o‘z tilimizda keltiradi. Masalan: osmaqopchiq (ryukzak), boshlik (kapyushon), tikuchar (vertolyot), yelimidish (baklajka), tamal toshi (fundament). Kitobdan ayrim jumlalar: Har bir odamga o‘lim elchisi kelishi bor gap, o‘g‘lim. U odamga ko‘rinmaydi. Elchi kelib-ketganini o‘zimiz bilamiz. Soch-soqolimizga oq oralaydi, ko‘zimiz xiralashadi, kuchdan qolamiz, qaddimiz egiladi; Qalbim keng, niyatim yaxshi, xayollarimda hayo bo‘lishi kerak; Odamlar bunchalik yomon emas, faqat biz uni o‘z tasavvurimizda ko‘ramiz; Chang asta tindi. Bir burchakdagi ojiz yig‘i tovushi Alining quloqlariga chalindi. Sal nariroqda ikki jajji jasad ustida go‘dagini quchoqlaganicha o‘tirgan ayol ko‘rindi; O‘lim odat bo‘lsa, o‘likning ismi bo‘lmaydi; Katta rahmat, dada! Menga hikmatni ko‘rsatdingiz, yashashni, kurashishni o‘rgatdingiz. Hatto tushlarimda ham ustozlik qildingiz. https://t.me/oqirman_fikri
Открыть в Telegram