Juda köpdan buyon, balki şu kanal oçilganidan buyon bir narsani aytib kelaman: özbek tarixçiligida ötroq madaniyatga juda katta urğu beriladi. Ötroq madaniyat yomon emas; Özbekistonning katta hududlarida ötroq madaniyat rivojlangani ham rost. Lekin ötroqlikni madaniyat, sivilizatsiya belgisi deb biliş notöğri. Har qanday xöjalik yuritiş turi öziga yaraşa sivilizatsiya yaratgan.
Özbek tarixçilari içida şakllanib qolgan qaraşga köra, ötroq madaniyatga urğu beriş özbek tarixining yuksak madaniy darajasini körsatadi, köçmançilik esa qoloqlik bilan assotsiatsiya qilinadi. Albatta, ayniqsa bugun teskari fikrdagi tarixçilar ham köp, lekin şunday trend saqlanib turibdi.
Xullas, şunday qaraşda nuqul özbekistonlik tarixçilarni ayblayvermay, bir ildizlarga qarasak.
Bir neça kundan buyon Encyclopaedia Iranica resursini örganyapman. Eronşunoslik böyiça, xususan, Markaziy Osiyo böyiça eng nufuzli va katta resurslardan biri. Uni öqib, xuddi şunday kayfiyat xalqaro eronşunoslikda hali ham saqlanib kelayotganiga amin böldim.
Konkret misollar keltiraman. Sovet-rus arxeologi Yuriy Rapoport Xorazmning islomgaça tarixi haqida yozgan maqolasidan:
“Mamlakatning (yaʼni Xorazmning) şiddatli ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyoti qöşni dehqonçilik davlatlarida kuzatilgan yuqoriroq sivilizatsiyaga taqlid qilişga intiliş bilan köp jihatdan boğliq edi”.
“M.av. II asrdagi tajovuzlardan söng Xorazm sivilizatsiyasining maʼlum darajada “varvarlaşuvi” boşlandi”.
Pruf.
Yaʼni kattakon olim eronşunoslikning eng nufuzli resursida higher civilization, barbarization kabi ötmişda qolgan qiyosiy tuşunçalarni işlatyapti.
Fransuz tarixçisi Etyen de la Vesyer Söğdiyonani ötroq dunyoning şimoliy çegarasi deb ataydi. Söng Yettisuvdagi söğd kolonizatsiyasini ötroq şaharçilik madaniyatining şimolga ekspansiyasi deb hisoblaydi.
Sovet arxeologi Vadim Masson Markaziy Osiyo ötroq madaniyati haqida:
“Ötroq dehqonçilik tarqalgan janubiy zona iqtisodiy va madaniya taraqqiyot markaziga aylandi”.
Pruf.
Etyen de la Vesyer öşa maqolasida Söğd tarixini Sarazmdan boşlaydi. Fransuz arxeologi Pyer Leriş Baqtriya tarixini bronza asridagi dehqonçilik vohalari tarixidan boşlaydi.
Yana bir fransuz olimi – Ksavye de Planol öşa resursdagi GEOGRAPHY ii. Human geography maqolasini qanday boşlaganiga eʼtibor bering:
“Eron dunyosining birlamçi tarkibi, u köçmançi Turonga qarşi turuvçi ötroq dunyo bölgani bois…”
Yuqorida keltirilgan misollarning muammosi nimada?
Muammo şundaki, ular ötroqlikni madaniyatning yagona şakli deb körib, unga ustuvorlik berib, har qayerdan öşani qidirmoqda. Bunda metodologik va faktik xatolar ham ötib ketyapti.
Birinçidan, Xorazm va mintaqa taraqqiyoti faqat ötroqlik bilan boğlanyapti. Köçmançilik kirib kelişi qoloqlik, “varvarlaşuv” deb atalyapti. Vaholanki, köçmançi jamiyatlar ham katta sivilizatsiya yaratgan va mintaqa tarixiga ulkan hissa qöşgan. Ularning kirib kelişi doim ham ortga ketişga olib kelmagan, köp hollarda yangi madaniy kötarilişni yuzaga keltirgan. Eng yorqin misollar – Kuşonlar va Turk xoqonligi. Bu ikki köçmançi davlat davrida mintaqada islomgaça davrdagi eng yuksak madaniy kötariliş kuzatilgan. Ötroqlar faqat quradi, köçmançilar faqat buzadi degan primitiv qaraş XIX asr şarqşunosligidan qolib ketgan. Bugungi fan köçmançilar iqtisodni va madaniyatni kötarişga qodirligiga (çunki ular bundan manfaatdor) va ular qurgan ulkan imperiyalar katta hududlarni umumiy çegara içida birlaştirib, katta iqtisodiy va madaniy ösişga olib kelganini körsatadi. Köçmançilar kelib buzib ketavermagan, öz boşqaruvini örnatgan, soliq töplagan, köproq soliq töplaş uçun savdoni va dehqonçilikni rivojlantirgan. Ular siyosat va boşqaruvni çuqur tuşungan. Qaysi ötroq sulola Çingizxon imperiyasiday tartibli va tizimli imperiya yarata olgan? Heç narsani tuşunmaydigan, kelib talab ketadigan yovvoyi “varvarlar” antik davr manbalaridan tarixçilikka köçib qolgan bir stereotipdir.
Ikkinçidan, de Planolning eroniy dunyo ötroq dunyo deb bilişi faktik xatodir. Ilk hind-eron qabilalari şimol daştlaridan köçgan mobil pastoralistlar bölgan. Ular janubdagi ötroq hududlarga kirib kelib, bu yerning madaniyatini özlaştirgan, şahar qurişni örgangan, dehqonçilikni örgangan. Hatto Avestoda ham eroniylar köçmançi qilib tasvirlanadi. Hatto Ahamoniylar ham dastlab köçmançi bölgan. Ötroq eroniylar bilan bir qatorda hamişa köçmançi eroniylar yaşagan – skiflar, masalan. Bugun ham eroniy xalqlarning katta qismi köçmançi va yarim köçmançi hayot keçiradi – 38 mln lik kurdlar va 36 mln lik puştunlar bunga misol. Bilujlar va yana köplab boşqa mayda eroniy xalqlarni sanab ötirmadim. Turon bilan qarama-qarşilik – örta asrlarda paydo bölgan, real tarixga aloqasi yöq mif ekanini oldinroq yozgandim.
Uçinçidan, de la Vesyer va Leriş Söğdiyona va Baqtriya tarixini ularning hududidagi ötroq jamiyatlardan boşlayapti. Avvalo, bu ötroq jamiyatlar eroniylarga aloqador emas – ular eroniylardan oldin Markaziy Osiyoda yaşagan etnik guruhlar tomonidan qurilgan. Qolaversa, Söğdda ham, Baqtriyada ham hamişa köçmançi aholi mavjud bölgan. Bu viloyatlarda toğli va daştli hududlar bölgan, u yerda beş-olti ming yil avval ham mobil aholi yaşab kelgan. Nega ularning tarixi tilga olinmayapti? Nega eroniylarga aloqasi bölmagan ötroq madaniyatlardan eroniylar tarixi boşlanyapti? Yo har bir viloyatning bronza asridagi umumiy, ham ötroq, ham köçmançi madaniyatlari tavsifidan, yoki bölmasa köçmançi eroniylarning bu hududlarga kirib kelişidan boşlaş kerak edi tarixiy narrativni, menimça.
Beruniy haqidagi turkum postlarimda mintaqani asosan eronşunoslar faol örganişini yozgandim. Eronşunoslikda mana şunaqa gaplar. Özimizning tarixçilar ham, Eron rasmiy tarixçiligi va siyosati ham qayerdan ilhom olişini taxmin qilişingiz mumkin.
@AsanovEldar